Rossiya Federatsiyasida qurilish sohasi bo‘yicha o‘z mavqeiga ega yirik – “Ant Yapı” hamda “Stellar Konstrakshn” kompaniyalari rahbarlari Tokman Xayri va Vladыko Maksim investitsion loyihalarni amalga oshirish maqsadida Namangan viloyatida bo‘ldi.
Turkiyaning “Ant Yapı” qurilish kompaniyasi Rossiyada, ayniqsa, Moskva shahrida yirik loyihalarni amalga oshirayotgan ulkan xorijiy developerlardan biri hisoblanadi. Hozirgi paytda kompaniya ob’ektlarida qariyb 20 ming nafar O‘zbekiston fuqarosi, shulardan 1,5 mingga yaqini Namangan viloyatidan hamyurtlarimiz ishlamoqda.

Namangan viloyati hokimi Shavkat Abdurazzoqov joriy yilning shu yil oktyabr oyida Rossiyaga amaliy xizmat safari davomida mazkur kompaniya qurilish manzilida bo‘lib, vatandoshlarimiz bilan uchrashgan edi.
Viloyat rahbari xorijlik investorlarni qabul qilib, Namangan viloyatida amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli qurilish-bunyodkorlik ishlari, xususan, Davlatobod tumanida barpo qilinayotgan “Yangi Namangan shaharchasi”, kichik sanoat zonalaridagi loyihalar haqida batafsil ma’lumot berdi.
O‘z navbatida, chet ellik sarmoyadorlar ham o‘z kompaniyalarining imkoniyatlari, keyingi vaqtlarda olib borayotgan ishlari, kelgusi rejalari xususida o‘rtoqlashdi. Shuningdek, mehmonlar shu yil may-iyul oylari davomida o‘tkazilgan 64-Xalqaro “Gullar festivali” haqidagi videorolikni tomosha qilib, kelgusi yili bo‘ladigan yubiley festivalida ishtirok etish istagini bildirdi.
Xorijlik tadbirkorlar investitsiya kiritish uchun Namangan viloyatidagi mavjud imkoniyatlarni joyiga borib, yaqindan ko‘rib chiqdi.
Oqilxon Dadaboyev, O‘zA.