Arabic
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Investor Kogon shahridagi imkoniyatlarni o‘rgandi
17:11 / 2024-05-07

Joriy yil boshida davlatimiz rahbari boshchiligida Xitoyga bo‘lgan oliy darajadagi tashrif davomida Kogon shahar hokimi Hayot Davlatov ham delegatsiya tarkibida forum va ko‘rgazmalarda ishtirok etish bilan birga, Xitoyning 10 ta shahrida bo‘lib, xalqaro hamkorlik yo‘nalishida ko‘pgina kompaniyalar bilan dastlabki kelishuvlarga erishib kelgan edi.

“Yuexin Intelligent Henan Yuexin Intelligent Machinery Co., Ltd” kompaniyasi Buxoro viloyati Kogon shahrida xorijiy investitsiya va savdo yo‘nalishida o‘z faoliyatini tashkil etish bo‘yicha qiziqish bildirgan kompaniyalardan biri. Mazkur kompaniya 2016-yilda tashkil etilgan bo‘lib, kompaniyaning asosiy faoliyati “aqlli” kon uskunalari va uning ilovalarini tadqiq qilish va ishlab chiqish, tog‘-kon yuk mashinalarini ishlab chiqarish va “smart” kon ishlarini o‘z ichiga oladi.  

Kompaniya vakillaridan iborat guruh Kogon shahrida bo‘ldi. Shahardagi sanoat korxonalari faoliyati, hudud iqtisodiy imkoniyatlari, har tomonlama manfaatli loyihalar yuzasidan istiqbolli takliflarni o‘rgandi. Yangi istiqbolli takliflarni hamkorlikda amalga oshirish hisobiga kompaniya bilan ko‘p qirrali hamkorlikni yo‘lga qo‘yish, investitsiya va savdo masalalarini rivojlantirish bo‘yicha kelishib olindi.  

Ayni kunda temiryo‘lchilar shahrida sanoat ishlab chiqarish subyektlarini ko‘paytirish tufayli qo‘shimcha ish o‘rinlarini kengaytirish, raqobatbardosh mahsulotlar eksport ko‘rsatkichlarini yanada oshirish barobarida xitoylik hamkorlar bilan teng manfaatli sheriklik munosabatlarini mustahkamlashga alohida e’tibor qaratilmoqda. 

Shuningdek, “Yuexin Intelligent Henan Yuexin Intelligent Machinery Co., Ltd” kompaniyasidan keyin Xitoy Tadbirkorlar palatasi a’zosi Yu Kuun xizmat safari bilan Kogon shahrida bo‘ldi. Shahardagi sanoat korxonalari faoliyati, hudud iqtisodiy-ijtimoiy  imkoniyatlari bilan yaqindan tanishdi.  

Xitoylik mehmon dastlab ko‘p tarmoqli “Kogon Mehnat rohat” mas’uliyati cheklangan jamiyati qurilish materiallari ishlab chiqarish sexlari va savdo do‘koni faoliyati, korxona negizida tashkil etilgan istirohat bog‘ini ko‘zdan kechirdi. Xorijiy investor mahalliy tadbirkorlar bilan hamkorlikda lak-bo‘yoq mahsulotlari, gul qog‘oz ishlab chiqarish, istirohat bog‘ini bolalar uchun zamonaviy attraksionlar bilan jihozlash, bolalar istirohat bog‘i faoliyatini yanada kengaytirish loyihalariga sarmoya kiritishga doir takliflarini ilgari surdi.

Shu bilan birga, xitoylik tadbirkor issiqxona xo‘jaliklari uchun mini traktorlar ishlab chiqarish loyihasiga investitsiya kiritish bo‘yicha mahalliy korxona “New Constrution Group Plyus” mas’uliyati cheklangan jamiyatidagi sharoit, bo‘sh turgan binolaridan unumli foydalanish imkoniyatiga e’tiborni qaratdi. 

Zarif Komilov, O‘zA muxbiri