O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 2025-yil 26-dekabr kuni O‘zbekiston xalqiga yo‘llagan Murojaatnomasida mamlakat taraqqiyotining ustuvor yo‘nalishlari sifatida ochiq bozor iqtisodiyotiga o‘tish, adolatli raqobat muhitini shakllantirish va investitsiyalarni keng jalb etish masalalarini alohida ta’kidladi. Davlat rahbari ta’kidlaganidek, “iqtisodiyotda sog‘lom raqobat, shaffoflik va bozor mexanizmlarining to‘laqonli ishlashi – barqaror rivojlanishning eng muhim shartidir”. Shuningdek, Murojaatnomada investitsiya siyosatini yanada takomillashtirish, xorijiy investorlar uchun ishonchli va barqaror huquqiy muhit yaratish masalasi strategik vazifa sifatida belgilandi.
Bugungi globallashuv davrida investitsiya oqimi uchun kurash tobora kuchaymoqda. Kapital nafaqat tabiiy resurslarga, balki huquqiy barqarorlik, prognoz qilinadigan siyosat va zamonaviy infratuzilmaga qarab yo‘naladi. Shu nuqtai nazardan, erkin iqtisodiy zonalar (EIZ) davlatlar uchun investitsiyalarni jalb etish, ilg‘or texnologiyalarni olib kirish va eksport salohiyatini oshirishning muhim vositasiga aylangan.
O‘zbekiston so‘nggi yillarda aynan shu yo‘nalishda faol siyosat yuritmoqda. 2017-yildan boshlab mamlakatda investitsion muhitni tubdan yaxshilashga qaratilgan keng qamrovli islohotlar amalga oshirildi. Natijada 2024-yilda iqtisodiy o‘sish 6,5 foizni tashkil etdi, to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiyalar hajmi esa 12 milliard dollarga yetdi. Bu natijalar investitsion siyosatning tizimli ravishda olib borilayotganidan dalolat beradi.
Bugungi kunga kelib respublikada 20 dan ortiq erkin iqtisodiy zonalar va yuzlab kichik sanoat zonalari faoliyat yuritmoqda. Navoiy, Angren, Jizzax, Urgut, G‘ijduvon, Qo‘qon, Xazorasp kabi zonalar hududiy ixtisoslashuv asosida shakllantirilgan. EIZlarda investorlar uchun soliq imtiyozlari, bojxona yengilliklari, “yagona darcha” tamoyili asosida xizmat ko‘rsatish tizimi joriy etilgan.
Biroq Prezident Murojaatnomasida qayd etilganidek, iqtisodiy islohotlarning navbatdagi bosqichi – shunchaki imtiyozlar berish emas, balki boshqaruv samaradorligini oshirish, shaffoflikni ta’minlash va investor ishonchini mustahkamlashdan iborat. Demak, EIZlar ham miqdoriy emas, sifat jihatdan yangi bosqichga ko‘tarilishi zarur. Mazkur maqsadni amalga oshirish uchun Prezidentimiz Yaponiya tajribasini misol sifatida keltirdi.
Yaponiya erkin iqtisodiy zonalarni miqdoriy kengaytirishdan koʻra sifatli boshqaruv modeliga urgʻu beradi. Tokio, Osaka, Fukuoka va Hokkaido hududlarida tashkil etilgan maxsus moliyaviy va innovatsion zonalar xalqaro investorlar uchun global platforma vazifasini oʻtaydi.
Yaponiya tajribasining birinchi muhim jihati – normativ barqarorlik. Investor uchun eng muhim omil – uzoq muddatli ishonch. Qoidalar tez-tez oʻzgarmaydi, siyosat prognoz qilinadi, davlat va biznes oʻrtasida doimiy muloqot mavjud.
Ikkinchi jihat – ixtisoslashuv. Har bir zona aniq yoʻnalishga ega. Fukuoka – startaplar va venchur kapital markazi, Hokkaido – “yashil” moliya va barqaror rivojlanish loyihalariga yoʻnaltirilgan. Bu esa investorni aniq ekotizimga olib kiradi va ortiqcha raqobatni kamaytiradi.
Uchinchi jihat – davlat-xususiy sheriklikning yuqori darajasi. Yaponiya siyosatni ishlab chiqishda biznes hamjamiyatini faol jalb qiladi. “Asset Management Forum” kabi platformalar orqali investitsion muhit doimiy ravishda takomillashtiriladi.
2025-yil dekabr oyida Oʻzbekiston va Yaponiya oʻrtasida 11 milliard yevrodan ortiq investitsion loyihalar e’lon qilindi. Energetika, konchilik, agrosanoat va raqamli infratuzilma sohalaridagi hamkorlik ikki davlat oʻrtasidagi ishonchning yuksalganini koʻrsatadi. Yaponiya kompaniyalari nafaqat moliyaviy mablagʻ, balki ilgʻor texnologiya va boshqaruv tajribasini ham olib kirayotgani muhim ahamiyatga ega.
Oʻzbekiston Yaponiya tajribasidan bir nechta strategik xulosalar chiqarishi mumkin.
Birinchidan, EIZlarni ixtisoslashtirish zarur. Har bir zona aniq sanoat klasteriga bogʻlanishi kerak.
Ikkinchidan, normativ barqarorlikni mustahkamlash lozim. Investor uchun eng katta xavf – noaniqlik.
Uchinchidan, boshqaruvni raqamlashtirish va monitoring tizimini kuchaytirish zarur. Investitsiya portali real ishlaydigan, ochiq va shaffof mexanizmga aylanishi kerak.
Toʻrtinchidan, xususiy sektor bilan ochiq muloqotni kengaytirish va davlat-xususiy sheriklikni chuqurlashtirish muhim.
Prezident Murojaatnomasida ta’kidlanganidek, Oʻzbekiston ochiq va raqobatbardosh iqtisodiyot qurish yoʻlidan qat’iy bormoqda. Erkin iqtisodiy zonalar aynan shu strategiyaning amaliy mexanizmi sifatida xizmat qilishi lozim. Agar boshqaruv samaradorligi, shaffoflik va barqarorlik ta’minlansa, Oʻzbekiston nafaqat mintaqada, balki kengroq hududda investitsion markazga aylanish salohiyatiga ega.
EIZlar oddiy imtiyoz hududi emas, balki innovatsion rivojlanish platformasi boʻlishi kerak. Yaponiya tajribasi esa bu yoʻlda ishonchli yoʻl xaritasi boʻlib xizmat qilishi mumkin.
Doniyor Abduazizov,
Toshkent davlat yuridik universiteti
Qo‘shma ta’lim dasturlari bo‘limi boshlig‘i