Mamlakatimizdagi barqarorlik va qulay investitsiya muhiti tufayli tashqi iqtisodiy aloqalar izchil rivojlanmoqda. Jumladan, Xorazm viloyatida so‘nggi 5 yilda xorijiy investitsiyalarni kiritish hajmi 10 barobarga, eksport hajmi 15 barobarga o‘sib, 200 tadan ortiq xorijiy va qo‘shma korxonalar tashkil qilindi.
Keyingi uch yilda viloyatda sanoat, xizmat ko‘rsatish va qishloq xo‘jaligi sohalarida 2 mingdan ortiq loyihani ishga tushirish hisobiga 40 mingta yangi ish o‘rni yaratildi. Ayni damda yangidan 2,4 milliard dollarlik 111 ta loyiha shakllantirilgan bo‘lib, ushbu loyihalar doirasida yana 10 ming nafar aholining bandligi ta’minlanadi.
Buyuk ipak yo‘lida joylashgan ushbu viloyat qadimdan dunyo mamlakatlari bilan savdo, iqtisodiy aloqalar qilib kelmoqda. Mutaxasislarning fikriga ko‘ra, viloyatda ayni damda sanoat, savdo, transport, logistika, turizm, AKT hamda qishloq xo‘jaligini yanada rivojlantirish uchun katta imkoniyatlar mavjud.
– Keyingi uch yilda viloyatimizda 1,7 milliard dollardan ortiq to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiyalar o‘zlashtirildi, 1,1 milliard dollarlik mahsulotlar eksport qilindi, – deydi Xorazm viloyat hokimining o‘rinbosari, viloyat investitsiyalar, sanoat va savdo boshqarmasi boshlig‘i Anvar Davletov. – Joriy yil yakuni bilan esa 1,5 milliard dollardan ortiq to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiyalar o‘zlashtiriladi va 510 million dollarlik mahsulotlar eksporti amalga oshiriladi. Rejlashtirilgan loyihalarni amalga oshirish natijasida 1 trillion so‘mdan ortiq mahsulot ishlab chiqariladi, 30 million dollarlik eksport, 80 million dollarlik import o‘rnini bosish imkoniyatlari hamda 1300 ta yangi ish o‘rni yaratiladi.
Bugungi kunda viloyatning xalqaro aeroporti orqali 20 dan ortiq davlatlarga to‘g‘ridan-to‘g‘ri hamda charter reyslar qatnovi yo‘lga qo‘yilgan. Aeroportni yanada kengaytirish maqsadida Janubiy Koreyaning “Inchon” kompaniyasi tomonidan 2026 yilda qurilish ishlari boshlanadi.
Shuningdek, vohada to‘rtta temir yo‘l stansiyasi mavjud bo‘lib, ichki qatnovlardan tashqari Afg‘oniston, Rossiya Federatsiyasi, Turkmaniston, Eron va Qozog‘iston davlatlariga qatnovlar amalga oshiriladi. Bundan tashqari, xalqaro ahamiyatdagi A-380 magistral yo‘li orqali Markaziy Osiy davlatlari hamda Afg‘oniston, Rossiya va Yevropa davlatlariga chiqish imkoniyati mavjud.
Sanoat viloyat iqtisodiyotida asosiy yo‘nalishlardan biridir. Mashinasozlik sanoati 43 foizni, oziq-ovqat sanoati 26 foizni hamda to‘qimachilik sanoati 21 foizni tashkil qiladi.
– Viloyatimizda “UzAuto Motors” aksionerlik jamiyatida “Chevrolet” brendi ostida yiliga 150 ming dona avtomobil, Xitoyning “UzXCMG” kompaniyasida 20 dan ortiq og‘ir texnikalar va
100 dan ortiq butlovchi qismlar ishlab chiqarilmoqda, – deydi viloyat investitsiyalar, sanoat va savdo boshqarmasi boshlig‘ining birinchi o‘rinbosari Usmonboy Jumgaldiyev. – Shuningdek, respublikada oziq-ovqat mahsulotlari ishlab chiqaruvchi 2 ta – “Xorazm Shakar” hamda “Coca-Cola” kompaniyalari faoliyat yuritmoqda. Shu bilan birga, viloyatda yiliga 310 ming tonna paxta yetishtirilib, yirik tekstil kompaniyalari tomonidan 100 foiz qayta ishlanadi hamda tayyor mahsulotlar eksportga yo‘naltiriladi.
Viloyatdagi sanoat zonalari hududi 650 gektar bo‘lib, ushbu zonalarda qurilish materiallari, oziq-ovqat, elektrotexnika, mashinasozlik yo‘nalishida korxonalar faoliyat ko‘rsatmoqda. Shuningdek, yangi tashkil etilgan “O‘zbekiston-Xitoy” texnoparki hududida 1,1 milliard dollarlik 16 ta loyihada qurilish ishlari boshlangan.
[gallery-25741]
Viloyatda Rossiya, Xitoy, AQSH, Fransiya, Slovakiya, Turkiya, BAA, Yaponiya, Malayziya, Singapur va boshqa davlatlarning 200 dan ortiq xorijiy korxonalari tomonidan qurilish, energetika, kimyo, to‘qimachilik, elektrotexnika, farmatsevtika, qurilish materiallari va turizm yo‘nalishida loyihalar amalga oshirilmoqda.
– Slovakiyaning “AZS Grup” xolding kompaniyasi tomonidan Tuproqqal’a tumanida 500 gektar yer maydoni o‘zlashtirilgan bo‘lib, kompaniya tomonidan 368 million dollar investitsiya kiritgan holda yana 4 ming 500 gektar cho‘l yerlari o‘zlashtiriladi va bioyoqilg‘i, yuk vagonlari va sisternalar, shisha tolali quvurlar hamda farmatsevtika mahsulotlari ishlab chiqariladi. Shu tumanda yana Fransiyaning “Voltalya” kompaniyasi tomonidan 100 million dollarlik 100 Mvt quvvatdagi quyosh fotoelektrostansiyasi loyihasi ham amalga oshirilmoqda, – deya gapini davom ettiradi Usmonboy Jumgaldiyev. –Urganch shahrida Rossiyaning “Fortex” kompaniyasi bilan hamkorlikda qiymati 90 million dollarlik 100 ming tonna bazalt plitalar ishlab chiqarish, Singapurning “Welldale Pte Ltd” kompaniyasi tomonidan 25 million dollarlik 292 o‘rinli mehmonxona tashkil qilish loyihalari amalga oshirilmoqda.
Xorazm viloyatida 2026-2027 yillarda 10 milliard dollarlik 26 ta yangi loyiha amalga oshiriladi. Avstraliyaning “Allied Green Ammonia Pty Ltd” kompaniyasi tomonidan ekologik toza aviatsiya yoqilg‘isi (SAF) ishlab chiqarish, Slovakiya “AZC group” kompaniyasi tomonidan bioetonol va farmatsevtika mahsulotlari, Koreyaning “Green Hammer” kompaniyasi tomonidan chiqindidan elektr energiyasini ishlab chiqarish loyihalari va 3,7 milliard dollarlik 23 ta boshqa loyihalar amalga oshirilishi mo‘ljallanmoqda.
Ahmadjon Shokirov,
Behzod Saidov (surat), O‘zA muxbirlari