Ўзбек
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Investitsiyalar va tashqi savdo vaziriga parlament so‘rovi yuborildi
12:22 / 2022-12-14

Keyingi yillarda mamlakatimizda maxsus iqtisodiy zonalarni tashkil etish, ularni rivojlantirish borasida salmoqli ishlar amalga oshirildi. bugungi kunda respublikamizdagi 19 ta maxsus iqtisodiy zonalarda 490 ta korxona faoliyat yuritmoqda.

Joriy yilning o‘tgan 9 oyida maxsus iqtisodiy zonalar tomonidan 19,5 trillion so‘mlik sanoat mahsulotlari ishlab chiqarilgan. Bu jami respublika sanoat mahsulotlarining 5 foizini, umumiy eksport qilingan sanoat mahsulotlarining esa 10 foizini tashkil qilgan.  

Maxsus iqtisodiy zonalarda faoliyat yurituvchi korxonalar tomonidan asosiy kapitalga 2,5 trillion so‘m investitsiyalar kiritilgan bo‘lib, iqtisodiyotimizda jami o‘zlashtirilgan investitsiyalarning 1,3 foizini tashkil qilmoqda. Bu esa investitsiya loyihalarini moliyalashtirishda ichki va tashqi moliyaviy resurslardan yetarli darajada foydalanilmayotganini ko‘rsatadi. Shuningdek, maxsus iqtisodiy va kichik sanoat zonalarining muhandislik-kommunikatsiya va ishlab chiqarish infratuzilmasini rivojlantirish uchun Davlat byudjetidan 320 milliard so‘m mablag‘ ajratilgan bo‘lishiga qaramay, ushbu mablag‘lar o‘z vaqtida o‘zlashtirilmagan.  

Shulardan kelib chiqib, kuni kecha Oliy Majlis Qonunchilik palatasining majlisida Bosh vazir o‘rinbosari – investitsiyalar va tashqi savdo vaziri Jamshid Xo‘jayevga “Maxsus iqtisodiy va kichik sanoat zonalarini rivojlantirishning hozirgi holati hamda ulardagi mavjud muammolarni bartaraf etish borasida ko‘rilayotgan choralar to‘g‘risida”gi masala yuzasidan Qonunchilik palatasining parlament so‘rovini yuborish haqida qaror qabul qilindi.  

 

M.Komilova,  

O‘zA