Investitsiyalar – taraqqiyotga xizmat qilmoqda
Farg‘ona viloyatida xorijiy investitsiyalar ishtirokida 142 korxona faoliyat ko‘rsatmoqda. Ushbu korxonalar tomonidan ishlab chiqarilayotgan turli mahsulotlar xalqaro bozorda ham o‘z xaridoriga ega.
Farg‘ona viloyatida xorijiy investitsiyalar ishtirokida 142 korxona faoliyat ko‘rsatmoqda. Ushbu korxonalar tomonidan ishlab chiqarilayotgan turli mahsulotlar xalqaro bozorda ham o‘z xaridoriga ega.Prezidentimiz rahnamoligida amalga oshirilayotgan izchil iqtisodiy islohotlar jarayonida mahalliy va xorijiy sarmoyalarni jalb etgan holda ishlab chiqarishni kengaytirish, korxonalar eksport salohiyatini oshirishga alohida e’tibor qaratilmoqda. Bu iqtisodiy barqarorlikni ta’minlash, aholi farovonligini yuksaltirishda muhim omil bo‘layotir.
Keyingi yillarda Farg‘ona viloyatida xorij kapitali ishtirokida ko‘plab ishlab chiqarish obyektlari ishga tushirildi. Bu xorijiy investorlarning O‘zbekiston iqtisodiyoti barqarorligi, uni rivojlantirish istiqbollariga qiziqishi va ishonchi ortib borayotganidan dalolatdir.
– Mamlakatimizda qulay investitsiya muhiti yaratilgani joylarda xorijlik sarmoyadorlar ishtirokida ishlab chiqarish subyektlari tashkil etish, aholini ish bilan ta’minlash, eng muhimi, xalqimiz turmush farovonligi muttasil oshib borishida muhim omil bo‘lmoqda, – deydi Farg‘ona viloyati tashqi iqtisodiy aloqalar, investitsiyalar va savdo boshqarmasi boshlig‘i Rustam Sulaymonov. – Joriy yilning o‘tgan davrida viloyat hududiy investitsiya dasturi asosida 32,3 million dollarlik investitsiyalar jalb etildi. Uning 21,1 million dollari to‘g‘ridan-to‘g‘ri investitsiyalardir. Shuningdek, 12 qo‘shma korxona tashkil etilib, 1,2 million dollar yo‘naltirildi.
Darhaqiqat, tashqi iqtisodiy aloqalarni erkinlashtirish, mazkur sohadagi faoliyatni rag‘batlantirishga xizmat qiladigan huquqiy, ijtimoiy-iqtisodiy sharoitlarni yaratish, ishlab chiqarishga yangi texnologiyalarni joriy etish natijasida viloyatning mamlakatimiz va jahon bozoridagi o‘rni mustahkamlanmoqda. Investitsiyalarning asosiy qismi yengil sanoat, elektrotexnika, qurilish materiallari ishlab chiqarish va kimyo sanoatiga to‘g‘ri keladi.
Qo‘qon shahridagi “Bolajon orzusi” O‘zbekiston – Xitoy qo‘shma korxonasida qo‘shimcha ravishda mavsumiy va harbiylar uchun oyoq kiyimlari ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yildi. Zamonaviy korxona yiliga 500 ming juft poyabzal ishlab chiqarish quvvatiga ega. Shuningdek, “Beshariq to‘qimachi” mas’uliyati cheklangan jamiyati, “Qo‘shtepa ipak gilamlari” O‘zbekiston – Turkiya, “Fergana Oseana” O‘zbekiston – Janubiy Koreya qo‘shma korxonalarida istiqbolli loyihalar amalga oshirilib, yangi turdagi mahsulotlar ishlab chiqarish o‘zlashtirildi.
Qulay ishbilarmonlik va investitsiya muhitini yaratishga qaratilayotgan alohida e’tibor yengil sanoat sohasini iqtisodiyotimizning yetakchi tarmoqlaridan biriga aylantirmoqda. Mutaxassislarning fikricha, yurtimizda yetishtirilgan paxta va pilla quyosh nuriga to‘yingani bois tola sifati yuqori bo‘ladi. Undan tayyorlangan ip-kalavaning o‘ta pishiqligi tayyor mahsulotning jahon bozorida raqobatbardosh bo‘lishini ta’minlaydi.
Viloyatda sifatli yengil sanoat mahsulotlari ishlab chiqarishning izchil rivojlanayotgani aholi bandligi va uning real daromadlari oshishida muhim o‘rin tutmoqda. Engil sanoat sohasini rivojlantirish dasturi asosida o‘tgan davrda 6 loyiha amalga oshirilib, 14,2 million dollarlik investitsiya yo‘naltirildi, besh yuzga yaqin yangi ish o‘rni yaratildi.
O‘zbekiston Respublikasining 2015-yilgi Investitsiya dasturi doirasida viloyatda 58 million AQSh dollari miqdoridagi 9 loyiha amalga oshirilishi rejalashtirilgan.
Ushbu yo‘nalishda amalga oshirilayotgan ibratli ishlardan yana biri modernizatsiya qilish uchun mo‘ljallangan xorijiy investitsiyalar ishtirokidagi korxonalar loyihalari hududiy va sanoat salohiyatini oshirish dasturlariga to‘g‘ridan-to‘g‘ri kiritilayotganidir.
Bu kabi sa’y-harakatlar shahar va qishloqlarimiz obodligi, xalqimiz farovonligining yanada yuksalishiga xizmat qiladi.