Oʻzbek
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Investitsiya va samara
12:56 / 2015-12-25

Andijon viloyati yalpi hududiy mahsuloti tarkibida sanoatning hissasi yildan-yil ortib bormoqda. 2015-yilning 9 oyida sanoat mahsulotlari ishlab chiqarish hajmi 121,4 foizni tashkil etgani ham fikrimiz tasdig‘idir.

Andijon viloyati yalpi hududiy mahsuloti tarkibida sanoatning hissasi yildan-yil ortib bormoqda. 2015-yilning 9 oyida sanoat mahsulotlari ishlab chiqarish hajmi 121,4 foizni tashkil etgani ham fikrimiz tasdig‘idir.

Viloyatda investitsiya kiritish orqali yangi sanoat korxonalarini ishga tushirish, mavjudlarini modernizatsiya qilish, ishlab chiqarishga yangi texnologiyalarni joriy etish, texnik-texnologik jihozlash borasida keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilmoqda.

Prezidentimizning 2015 yil 4-martdagi “2015-2019-yillarda ishlab chiqarishni tarkibiy o‘zgartirish, modernizatsiya va diversifikatsiya qilishni ta’minlash chora-tadbirlari dasturi to‘g‘risida”gi farmoni hamda Andijon viloyatini 2014-2015-yillarda ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish hududiy dasturi bu borada muhim dasturilamal bo‘lib xizmat qilmoqda.

Mazkur hujjatlar ijrosi doirasida 2014-yilda sanoat sohasida 741 loyihani amalga oshirish uchun 231,4 milliard so‘m miqdorida investitsiya o‘zlashtirildi. Buning hisobidan 11 mingdan ziyod yangi ish o‘rni yaratildi. Hududiy investitsiya dasturiga kiritilgan loyihalar asosida 411 yangi quvvatlar ishga tushirildi, 309 korxonada mavjud quvvatlar kengaytirildi, 21 korxonada modernizatsiya, texnik-texnologik jihozlash ishlari amalga oshirildi.

– Korxonamizga 6 milliard so‘m investitsiya kiritilib, modernizatsiya ishlari amalga oshirildi, – deydi Xo‘jaobod tumanidagi “Barchinoy” xususiy korxonasi rahbari Rahimberdi Rahimov. – Natijada ishlab chiqarish hajmi ortib, mahsulot sifati yanada yaxshilandi. Texnik-texnologik yangilanishlar hisobidan o‘tgan yili korxonamizda ishlab chiqarilgan 3 million 220 ming dona mahsulotning 48 foizi eksport qilindi.

Hududiy dastur doirasida 2015-yilda sanoat sohasida jami 677 loyiha amalga oshirilishi va 131,8 milliard so‘m investitsiya o‘zlashtirilishi belgilangan. 2015-yilning 9 oyida ana shu yo‘nalishda 75,3 milliard so‘m investitsiya o‘zlashtirilib, yangi korxonalar tashkil etish, mavjudlarini modernizatsiya qilish va kengaytirish hisobidan 634 ishlab chiqarish quvvati ishga tushirildi, 8 ming 245 yangi ish o‘rni yaratildi.

Andijon shahridagi marmar ishlab chiqaruvchi “Golden traverting stone” mas’uliyati cheklangan jamiyati, bolalar velosipedi ishlab chiqarayotgan “Sezam savdo sanoat” xususiy korxonasi, avtomobillar uchun butlovchi qismlar tayyorlovchi Xonobod shahridagi “Andijon avtogaz”, Oltinko‘l tumanidagi “Oltinko‘l plast”, trikotaj mahsulotlari ishlab chiqarishga ixtisoslashgan Buloqboshi tumanidagi “Sado imkon tekstil ravnaqi”, paypoq ishlab chiqarayotgan Andijon shahridagi “Diamond socks textile" mas’uliyati cheklangan jamiyatlari kabi korxonalarga kiritilgan investitsiyalar evaziga yangi jihoz va texnologiyalar o‘rnatildi.

Xonobod shahrida faoliyat ko‘rsatayotgan “Andijonkabel” O‘zbekiston – Rossiya qo‘shma korxonasiga 750 million so‘m miqdorida investitsiya kiritilib, korxonaning Lan kabellari ishlab chiqarish liniyasi modernizatsiya qilindi. Natijada ishlab chiqarish hajmi ortib, mahsulot sifati tubdan yaxshilandi.

Investitsiya jalb etilgan korxonalar orasida trikotaj, poyabzal mahsulotlari, avtomobillar uchun butlovchi va ehtiyot qismlar, qurilish materiallari, kabel ishlab chiqaruvchi korxonalar yetakchi o‘rinni egallaydi. Sanoat mahsulotlari ishlab chiqarishda kichik biznes va xususiy tadbirkorlik subyektlarining hissasi sezilarli darajada ortdi. Ishlab chiqarish korxonalarining aksariyati qishloq hududlarida tashkil etilgani qishloqlar infratuzilmasini yaxshilash, eng muhimi, aholi farovonligini yuksaltirishda muhim ahamiyat kasb etmoqda.

Viloyatda investitsiya dasturi doirasida qator loyihalarni amalga oshirish, ya’ni investitsiya kiritish hisobidan jinsi materiali, etilatsitat, radiator, salidol, avtomobillar uchun yangi turdagi bolt-gaykalar, rezina shlang kabi mahsulotlar ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yildi.

Qulay investitsiya muhiti yaratilgani sanoat korxonalarini modernizatsiya qilish, texnik va texnologik qayta jihozlash, zamonaviy va moslashuvchan texnologiyalarni keng joriy etishda muhim omil bo‘lmoqda. Bu, o‘z navbatida, viloyat sanoat korxonalarining ichki va tashqi bozorda barqaror mavqega ega bo‘lishini ta’minlamoqda.