Oʻzbek
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Investitsiya va eksport – iqtisodiyot tayanchi
11:48 / 2024-09-05

Davlatimiz rahbari Vatanimiz mustaqilligining 33 yilligiga bag‘ishlangan tantanali marosimdagi tabrik so‘zida biz endi 37 millionli katta xalq bo‘lganimiz va hozirgi kunda aholi soni bo‘yicha jahondagi eng yirik 40 ta davlatdan biri ekanligimizni ta’kidlab, bu raqamni islohotlarimiz, mehnatimiz, bilim va qobiliyatimiz bilan katta salohiyatga aylantirishimiz kerakligini ta’kidladi.

Dengizga chiqish imkoniyatimiz cheklanganini inobatga olib, e’tiborimizni kreativ sohalarga qaratishimiz, ularni jadal rivojlantirishimiz zarur. Jahonda kreativ sanoat mahsulotlari eksportidan yiliga milliardlab dollar daromad topayotgan mamlakatlar ko‘p. Binobarin, shunday mahsulot ishlab chiqarishga bel bog‘lagan ijodkor ishbilarmonlarimizni, ayniqsa, yoshlarimizni har tomonlama rag‘batlantiramiz, dedi Prezidentimiz.

Chindan ham bugun yurtimizda iqtisodiyotni jadal rivojlantirish va shu orqali xalqimiz turmush darajasini oshirish borasida keng ko‘lamli islohotlar amalga oshirilmoqda. Bunda har bir hududning mavjud resurs va ichki imkoniyatlaridan samarali foydalanish, kerak bo‘lsa, har bir mahallaning o‘sish nuqtalarini aniqlagan holda uni rivojlantirish choralari ko‘rilmoqda. Va tabiiyki, yurtimizga ko‘proq sarmoyadorlarni jalb qilish, xorijdagi yirik kompaniyalar bilan hamkorlik o‘rnatish, mashhur brendlarni mamlakatimizga olib kelishga e’tibor qaratilmoqda.

Samarqand viloyatida ham bu borada salmoqli natijalarga erishilmoqda.  

– Davlatimiz rahbari tomonidan hamda Vazirlar Mahkamasining tegishli hujjatlari bilan belgilib berilgan topshiriqlar asosida joriy yilning birinchi yarmida xorijiy investitsiyalar jalb qilingan loyihalar doirasida 535 million dollar miqdorida investitsiyalar o‘zlashtirilib, o‘tgan yilning shu davriga nisbatan o‘sish sur’ati 207 foizni tashkil etdi, – deydi viloyat investitsiyalar, sanoat va savdo boshqarmasi boshlig‘i o‘rinbosari Sheroz  Sobirov. – Umumiy qiymati 14,2 million dollar bo‘lgan 3 ta xorijiy investitsiya ishtirokidagi yirik loyiha ishga tushirildi hamda 85 ta yangi ish o‘rni yaratildi. Jumladan, Narpay tumanida “Maroqand sifat” MCHJ tomonidan xitoylik investorlar bilan hamkorlikda 5 million AQSH dollarilik investitsiya hisobiga ip-kalava ishlab chiqarishni kengaytirishni tashkil etish loyihasi amalga oshirildi. Ushbu loyiha doirasida 40 nafar mahalliy aholi doimiy ish o‘rniga ega bo‘ldi. Urgut tumanidagi “Urgut auto center” MCHJ esa rossiyalik investorlar bilan hamkorlikda 4 million dollar investitsiya hisobiga savdo markazi tashkil etdi. Buning natijasida 20 ta doimiy va mavsumiy ish o‘rni yaratildi.

Keyingi yillarda Xitoy bilan hamkorlikning kengayib borayotgani viloyatning investitsiyaviy loyihalarida ham o‘z aksini topmoqda. Bugungi kunda Samarqandga jalb etilayotgan to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiya va kreditlarning 40 foizdan ortig‘i Xitoy hissasiga to‘g‘ri kelmoqda. Bunda Samarqand viloyati va Xitoy Xalq Respublikasi provinsiyalari delegatsiyalarining muntazam uchrashib turishi, hamkorlikda biznes-forumlar o‘tkazayotgani yaxshi samara bermoqda. Ana shu uchrashuvlar davomida umumiy qiymati  2,8 millliard dollarlik 60 dan ortiq investitsiya loyihasini amalga oshirish bo‘yicha kelishuvlarga erishildi. Bugungi kunda qo‘shimcha 1,2 milliard dollarlik yangi kelishuvlar mo‘ljallanmoqda.  

– Xorijiy kredit liniyalari va grant mablag‘larni o‘zlashtirish izchil davom ettirilmoqda, – deydi Sh.Sobirov. – O‘tgan yili biz xorijiy kredit liniyalarini o‘zlashtirishda yaxshi tajriba orttirdik. Jumladan, Abu-Dabi taraqqiyot jamg‘armasidan o‘tgan yil 45,8 million dollar o‘zlashtirgan bo‘lsak, bu yil bu raqam 60 million dollardan oshishi kutilmoqda. Shu bilan birgalikda 2024 yilda xorijiy brendlarni olib kelish hamda viloyatimizda amalga oshirilishi ko‘zda tutilgan yirik investitsiya loyihalariga xorijiy hamkorlarni jalb qilish choralari ko‘rilmoqda.  

Umuman, viloyatda 2024-2026 yillarda xorijiy investitsiyalar ishtirokida umumiy qiymati 2,3 milliard dollar bo‘lgan 98 ta loyihani amalga oshirish bo‘yicha manzilli ro‘yxat shakllantirilgan. Ushbu loyihalar doirasida joriy yilning o‘zida xorijiy investitsiyalar o‘zlashtirilishi 1,1 milliard dollarga yetkaziladi.

Bundan tashqari, viloyatni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish bo‘yicha tasdiqlangan hududiy investitsiya dasturiga ko‘ra, qiymati 2,4 trillion so‘mlik 452 ta loyiha ishga tushirilib, 3 ming 670 dan ortiq yangi ish o‘rni yaratildi.  

Natijada sanoat sohasida 89 loyihada 1532 ta, xizmatlar sohasida 282 loyihada 1569 ta, qishloq xo‘jaligida 81 loyihada 578 ta yangi ish o‘rni yaratildi.

Jumladan, Oqdaryo tumanidagi “Ferroplekt Farm Medikal” MCHJda qiymati 300 milliard so‘mlik logistika markazi va omborxona tashkil etish loyihasi ishga tushirilishi bilan 30 kishi ish bilan ta’minlandi. Narpay tumanidagi “Zhongguo huaxu wood industry” MCHJda qiymati 88,2 milliard so‘m bo‘lgan loyiha doirasida mebel mahsulotlari ishlab chiqarish, Samarqand shahridagi “Evro plaza M” MCHJda 58 milliard so‘mlik loyiha asosida savdo va maishiy xizmat ko‘rsatish faoliyati yo‘lga qo‘yilib, 200 dan ortiq ish o‘rni ochildi.  

Viloyatda xorijiy investitsiyalarni o‘zlashtirish bilan birga eksport salmog‘ini oshirishga ham alohida e’tibor qaratilmoqda. Ma’lumotlarga ko‘ra, joriy yilning yetti oyda viloyatda 420 dan ortiq eksportyor korxona tomonidan dunyoning 56 davlatiga 670 ga yaqin turdagi 370 million dollarlik sanoat va qishloq xo‘jaligi mahsulotlari eksport qilindi. Bu ko‘rsatkich 2023 yilning mos davriga nisbatan 131 foizni tashkil etdi. Yil yakuniga qadar xorijga yana 530 million dollarlik mahsulot sotish rejalashtirilgan.

Bugungi kunda xorijiy davlatlarda, jumladan, AQSH ning Nyu-York, Filadelfiya shaharlari, Niderlandiyaning Amsterdam shahrida, Rossiyaning Moskva, Sankt-Peterburg, Yekaterinburg shaharlarida Samarqand viloyatining o‘ndan ortiq savdo uyi faoliyat olib bormoqda. Joriy yilda Rossiya va Xitoyning bir qator mintaqalarida ham yangi savdo uylari tashkil etildi va yana yangilarini ochish bo‘yicha muzokaralar olib borilmoqda.

Xorijiy davlatlarda savdo uylarining tashkil etilishi nafaqat Samarqand viloyati, balki mamlakatimizning boshqa hududlari tadbirkorlarining ham o‘z mahsulot va xizmatlarini namoyish etgan holda eksport faoliyatini amalga oshirishlariga yordam beradi.

G‘.Hasanov, O‘zA muxbiri