Ўзбек
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Investitsiya rivojlanishning ishonchli negizidir
22:15 / 2024-05-04

Investitsiya – bu texnologiya, malakali mutaxassis, zamonaviy loyihalar, raqobatbardosh mahsulotlar, byudjetga daromad. Byudjet daromadi esa  o‘z navbatida xalq farovonligini ta’minlash manbaidir.

O‘zbekiston 2030-yilga borib yalpi ichki mahsulot hajmini aholi jon boshiga ikki barobarga oshirishga yetkazish kabi ulkan vazifani qo‘ydi. Mana shunday ulug‘ maqsadlarni ro‘yobga chiqarish uchun investitsiyalarni jalb etish zarur, albatta.

Keyingi yillarda Namangan viloyatining respublikaning sanoat va biznes markazi maqomiga ega bo‘lishida xorijiy sarmoyalarning o‘rni beqiyos bo‘ldi. Hududiy investsiiya dasturi doirasida viloyatda o‘tgan 2023-yil yakuni bilan umumiy qiymati 9,3 trillion so‘mlik 1 ming 132 ta istiqbolli loyiha foydalanishga topshirildi.

Buning samarasida shahar va tumanlarda, chekka qishloqlarda 30 minga yaqin yangi ish o‘rni, 2,4 trillion so‘mlik yangi ishlab chiqarish quvvatlari, yillik 65 million dollarlik ekport salohiyati, 240,9 milliard so‘m byudjetga tushumlar yo‘naltirilishiga hamda, eng asosiysi, 30,7 million dollarga teng import o‘rnini bosuvchi mahsulotlar ishlab chiqarish quvvatlari yaratilishiga erishildi.

Joriy yil uchun dastur asosida qiymati 12,4 trillon so‘mlik 1 ming 158ta investitsiya loyihasi shakllantirilgan bo‘lib, ushbu loyihalar amalga oshirilishi natijasida 31 mingdan ziyod yangi ish o‘rni yaratilishi belgilab olindi. Bugungi kunga qadar qiymati 137,1 milliard so‘mlik 27 ta loyiha foydalanishga topshirildi hamda 963 ta yangi ish o‘rni yaratildi. 

– Viloyatda o‘tgan yili yakunlari bilan 724,4 millioon dollar to‘g‘ridan to‘g‘ri xorijiy investitsiya mablag‘lari o‘zlashtirilib, belgilangan qaror rejasi 174,6 foizga, qo‘shimcha topshiriq rejasi esa 102,6 foizga bajarildi, – deydi Namangan viloyati hokimining o‘rinbosari, viloyat investitsiyalar, sanoat va savdo boshqarmasi boshlig‘i Oqibjon Inomov. – O‘zlashtirilgan investitsiya mablag‘larining asosiy qismi Chust tumani (139,6 million dollar), Pop tumani (98,7 million dollar) va Namangan shahri (81,2 million dollar) zimmasiga to‘g‘ri keladi.

O‘tgan 2023-yilda Namangan viloyatida Prezidentimizning 2022-yil 28-dekabrdagi “O‘zbekiston Respublikasining 2023-2025-yillarga mo‘ljallangan investitsiya dasturini amalga oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qaroriga muvofiq umumiy qiymati 364,3 million dollarlik 13 ta yirik investitsiya loyihasi foydalanishga topshirildi. Buning natijasida esa 5 ming 900 ta yangi ish o‘rni yaratildi.

Joriy 2024-yilda viloyatda xorijiy investitsiya mablag‘lari ishtirokidagi yirik loyihalar, oliy darajadagi tashriflar doirasida imzolangan investitsiya shartnomalarining amalga oshirilishi natijasida jami 124 ta loyiha tashabbuskorlari tomonidan 3 milliard dollar xorijiy investitsiya mablag‘lari o‘zlashtirilishi belgilab olindi. Ahamiyatlisi, ularning asosiy qismi – 75 foizi Xitoy Xalq Respublikasi bilan hamkorlikda amalga oshirilgan loyihalar xisobiga to‘g‘ri kelib, shu yilning o‘zida 2,2 milliard dollar mablag‘lar o‘zlashtirilishi belgilab olindi. Ushbu sarmoya hisobidan Davlatobod, To‘raqo‘rg‘on, Chust va Uchqo‘rg‘on tumanlarida yirik ishlab chiqarish quvvatlari barpo etiladi.

Joriy yil uchun belgilangan prognoz ko‘rsatkichlarining bajarilishi shahar va tumanlar bo‘yicha viloyat investitsiyalar, sanoat va savdo boshqarmasi mutaxassislari tomonidan kunlik monitoring qilib kelinmoqda. Qolaversa, shahar va tumanlar hududlarida qiymati 401,5 million dollarlik 11 ta yirik loyiha amalga oshirilishi hamda 2 mingdan ortiq yangi ish o‘rni yaratilishi belgilab olingan.

Birgina Davlatobod tumanidagi “Namangan paxta teks” mas’uliyati cheklangan jamiyat tomonidan qiymati 55 million dollarlik tekstil va to‘qimachilik mahsulotlarini ishlab chiqarish loyihasi amalga oshirilib, shu yilning o‘zida 50 million dollar qiymatidagi xorijiy investitsiya mablag‘lari yo‘naltirilib, 300 kishi doimiy ish o‘rni bilan ta’minlanadi.

Namangan viloyatida sanoat va tadbirkorlikning jadal rivoj topib borishida mahalliy ishlab chiqaruvchilarning munosib hissalari borligini alohida e’tirof etish lozim. Buni o‘tgan 2023-yil davomida ular tomonidan 570 million dollar miqdoridagi mahsulotlar eksporti amalga oshirilgani va natijada eksport rejasi avvalgi yilning mos davriga nisbatan to‘liq 100 foizga bajarilganida yaqqol ko‘rish mumkin.

Viloyatda jami 430 ta eksportchi korxona tomonidan 49 ta davlatga 108 turdagi mahsulotlar eksportga yo‘naltirilib, yuqori qo‘shilgan qiymatli tayyor mahsulotlar hajmi 125 foiz o‘sishga erishildi. Xususan, birinchi marotaba ikki turdagi mahsulotlar, ya’ni tekstil va kovul Gretsiya va Ispaniya kabi yangi xorij bozorlariga eksportga chiqarildi. Shu bilan birgalikda, tayyor kiyim-kechak mahsulotlari eksporti 131 million dollarga yetib, avvalgi yilga qaraganda 28 million dollarga ko‘paygan.

Eksportni qo‘llab-quvvatlar jamg‘armasi tomonidan transport xarajatlarini qoplash yuzasidan 61 korxonaga 33,1 milliard so‘m, xalqaro standartlash va sertifikatlash tizimlarini joriy etishda 25 korxonaga 4,7 milliard so‘m, ko‘rgazma-yarmarka tadbirlarida ishtirok etishda 43 korxonaga 5,2 milliard so‘m, QQS solig‘ini qaytarish yuzasidan 462 ta ariza yuzasidan 170 korxonaga 197,3 milliard so‘m, eksportoldi aylanma mablag‘ bilan imtiyozli kredit ajratilishida 22 korxonaga 20,4 million dollar, eksport qiluvchilar garov sifatida sug‘urta xizmatlaridan foydalanganda xarajatlarini qoplab berish uchun 23 korxonaga 1,4 milliard so‘mlik moliyaviy ko‘maklar ko‘rsatildi.
Hozir viloyatda 2024-yil davomida eksport borasida ulkan marralarni zabt etish maqsad qilib olingan.

Tadbirkorlik subyektlari hamda xorijiy hamkorlarning imkoniyat va salohiyatini inobatga olib, jami 1 milliard dollarlik mahsulotlar eksportini amalga oshirish rejalashtirilgan. Xususan, sanoat mahsulotlarini 887,5 million dollar, meva-sabzavot mahsulotlarini 115,6 million dollarga yetkazish hisobidan rejalarni ortig‘i bilan ado etish ko‘zda tutilmoqda.

Bunda yarim tayyor mahsulot eksportini kamaytirish hisobiga yuqori qo‘shimcha qiymatli tayyor mahsulotlar eksport hajmi 2023-yilga nisbatan 150 foiz o‘sishga erishiladi. Qolaversa, meva-sabzavotlarni qayta ishlovchi korxonalarni modernizatsiya va kengaytirish hissobiga 107 ming tonnalik yangi quvvatlar ishga tushirilib, yetishtirilgan ne’matlarni qayta ishlash darajasi 23 foizga yetadi hamda 40 million dollarlik mahsulotlar eksporti amalga oshiriladi.

Masalan, Chust tumanida yangi tashkil etilgan “Siberian wellness Namangan” mas’uliyati cheklangan jamiyat tomonidan yiliga 55 ming tonna mevalarni qayta ishlash natijasida 15 ming tonna meva sharbati hamda Yangiqo‘rg‘on tumanida modernizatsiya qilingan “Yangiqo‘rg‘on agro invest” mas’uliyati cheklangan jamiyati tomonidan yiliga 45 ming tonna olma mevasini qayta ishlash quvvatlari ishga tushiriladi.

Hozir 2023-2026-yillarda amalga oshiriladigan yirik mega loyihalar hisobiga 13 milliard dollar investitsiyani jalb qilish belgilangan. Xitoyning “Znshine Solar COO LTD” kompaniyasi  O‘zbekistonda tashkil etgan “Znshineoku NEV Energy investment” mas’uliyati cheklangan jamiyat tomonidan Chust tumanidagi “G‘alaba”, “Sabzazor” va “Olmos” massivlarida jami 3 ming 465 gektar yer maydoni o‘zlashtirilishi hisobiga 680 million dollar qiymatga ega bo‘lgan 2000 MVt quyosh fotoelektr stansiyasi qurilishi rejalashtirilgan    
Mamlakatga qancha ko‘p sarmoya kiritilsa, shuncha rivojlanish imkoniyatlari kengayib boraveradi. Natijada esa aholiga munosib turmush sharoiti yaratilib, yuqori daromadli ish o‘rinlari ko‘payaveradi. 

Oqilxon Dadaboyev, O‘zA muxbiri