Sirdaryo tumanida 2025 yilning yanvar–sentyabr oylarida xorijiy investitsiyalar va eksport ko‘rsatkichlarining barqaror o‘sishi qayd etildi. Ushbu davr mobaynida rejalashtirilgan 71,7 million dollarlik xorijiy investitsiyalar va kreditlar o‘rniga 76,6 million dollar o‘zlashtirilib, ko‘rsatkich 101 foizga bajarildi. Eksport hajmi esa 45,5 million dollarni tashkil etdi — prognozning 81 foizi ta’minlandi va o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 2 million dollarga oshdi.
– Tuman iqtisodiyotining barqaror o‘sishida investitsiya va eksport asosiy drayverlardan hisoblanadi, – deydi Sirdaryo tumani hokimining o‘rinbosari, investitsiya, sanoat va savdo bo‘limi boshlig‘i Islombek Karimov. – Chunki xorijiy sarmoyalarni jalb etish va eksportni kengaytirish yangi ish o‘rinlari yaratish, sanoat salohiyatini mustahkamlash hamda mahalliy ishlab chiqaruvchilar faoliyatini rivojlantirishga keng imkoniyat yaratadi.

Tumandagi xorijiy investitsiyalarning asosiy ulushi Xitoy (50,2 mln dollar), Polsha (13 mln dollar) va Ukraina (8,5 mln dollar) hissasiga to‘g‘ri keldi. Jumladan, “Reka Med Farm” MCHJ tomonidan dori vositalari ishlab chiqarish quvvatlarini kengaytirish maqsadida 12,1 million dollarlik sarmoya o‘zlashtirildi. Bu esa hududda zamonaviy uskunalar va yuqori texnologiyali ishlab chiqarish liniyalarini joriy etish imkoniyatlarini yangi bosqichga ko‘tardi.

Eksport tarkibida sanoat mahsulotlari yetakchilik qildi: to‘qimachilik — 8 mln dollar, charm mahsulotlari — 7,7 mln dollar, qurilish materiallari — 4,9 mln dollar, farmatsevtika — 1,3 mln dollar, oziq-ovqat — 2,3 mln dollar, meva-sabzavot — 1,8 mln dollar. Eksport geografiyasi 24 ta davlatni o‘z ichiga oldi. Asosiy sheriklar qatoridan Rossiya (12,2 mln dollar), Xitoy (9,6 mln dollar), Qozog‘iston (3,7 mln dollar), Tojikiston (2,5 mln dollar) va Qirg‘iziston (1,8 mln dollar) o‘rin oldi. Shuningdek, AQSH, Finlyandiya va Buyuk Britaniyaga eksport so‘nggi besh yilda ilk bor amalga oshirilgani qayd etildi.

Hisobot davrida 32 ta eksportchi korxona faoliyat yuritdi, ularning 18 tasida eksport hajmi jami 2,6 million dollarga oshdi. Eksportchilarni qo‘llab-quvvatlash maqsadida 3 ta korxonaga 2,9 million dollarlik aylanma mablag‘ kreditlari ajratildi. QQSni qaytarish, elektr ta’minoti, ruxsatnomalar va sertifikatlash bo‘yicha 8 dan ortiq muammo ijobiy hal etildi.

– Eng muhimi, joriy yilning yanvar–sentyabr oylarida investitsiya dasturi doirasida qiymati 74,6 milliard so‘mlik 29 ta yangi loyiha ishga tushirilishi natijasida 360 ta yangi ish o‘rni yaratilishi rejalashtirilgan edi, – dedi tuman hokimining o‘rinbosari. – Amalda esa qiymati 426 milliard so‘mlik 44 ta loyihaning ishga tushirilishi hisobiga 602 ta yangi ish o‘rni yaratildi. Xususan, “SIRDAYO MEGA LUKS” MCHJ tomonidan polipropilen mahsulotlari ishlab chiqarishni kengaytirish loyihasining ikkinchi bosqichida 120 milliard so‘mlik investitsiya o‘zlashtirilib, mehnat bozoriga qo‘shimcha 120 ta ish o‘rni taqdim etildi.

Bu natijalar Sirdaryo tumanida sanoatni rivojlantirish, sarmoyalarni samarali jalb qilish va xorijiy bozorlarda raqobatbardosh mahsulotlar eksportini kengaytirish yo‘lida muhim qadam sifatida e’tirof etilmoqda.
G‘ulom Primov, O‘zA muxbiri