French
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Investitsiya oqimi ortib, loyihalar ko‘paymoqda
16:18 / 2025-05-16

2024 yil mart oyida O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Sayxunobod tumaniga tashrifi tuman taraqqiyotida yangi bosqichni boshlab berdi. Davlat rahbari tashrif chog‘ida ishsizlikni kamaytirish, sanoat salohiyatini oshirish va infratuzilmani rivojlantirish yuzasidan aniq vazifalar belgilab bergandi.

Mazkur topshiriqlarga asosan “Farovon” kichik sanoat zonasidagi yaylov yerlarning maqomi o‘zgartirilib, sanoat ehtiyojlari uchun ajratildi. Elektr ta’minotini yaxshilash maqsadida 60 milliard so‘m mablag‘ yo‘naltirilib, zarur infratuzilmalar yaratildi.

– Tashrifdan so‘ng 2024 yilda 40 million dollarlik 11 ta investitsiya loyihasi amalga oshirildi, – deydi tuman hokimi Komiljon Mullajonov. – 2025 yilda esa 209 million dollarlik investitsiyalarni jalb qilish va 13 ta yirik loyihani amalga oshirish ko‘zda tutilgan. Ushbu loyihalar doirasida 2024 yilda 13 500 ish o‘rni ochilgan bo‘lsa, 2025 yil yakunida esa 16 500 nafar fuqaro doimiy va mavsumiy ish o‘rni bilan ta’minlanadi.

Eng asosiysi, sanoat zonasidagi faoliyat ham kengaymoqda. “Sayxun Karvon” MCHJda ishlab chiqarish quvvati 80 tonnadan 300 tonnagacha oshirildi.

– Korxonamizda Turkiyaning “Ortach” kompaniyasiga tegishli gench tegirmoni va boshqa zamonaviy uskunalardan foydalanilmoqda, – deydi ish boshqaruvchisi Zafar Bobomurodov. – Elektr energiyasini tejash maqsadida 50 kilovattli quyosh panellari o‘rnatdik. Yaqin kelajakda ular sonini ko‘paytirishni rejalashtirganmiz. Yangi uskunalar joriy etilganidan so‘ng mahsulot turlari va ish o‘rinlari soni ham ortib bormoqda.

Hozir korxonada 23 nafar mutaxassis va ishchi faoliyat yuritmoqda, kelgusida bu raqam sezilarli darajada oshishi kutilmoqda.

Shuningdek,  “Beshefar Group” MCHJ tomonidan amalga oshirilayotgan 50 million dollarlik un ishlab chiqarish majmuasi loyihasi 25 gektar maydonda barpo etilmoqda. Majmua to‘liq ishga tushgach, 1 000 nafarga yaqin yoshlar doimiy va mavsumiy ish bilan ta’minlanadi.

Hozir “Farovon” kichik sanoat zonasida umumiy qiymati 56 million AQSH dollariga teng bo‘lgan xorijiy investitsiya loyihalari amalga oshirilmoqda.  

Qishloq xo‘jaligi, xususan, parrandachilik yo‘nalishida tumanda keng ko‘lamli islohotlar va yirik investitsion loyihalar amalga oshirilmoqda. Shu doirada “Qaynar” mas’uliyati cheklangan jamiyati tomonidan tashkil etilgan zamonaviy parrandachilik majmuasi muhim amaliy qadamlardan biri bo‘ldi.

Loyihaning birinchi bosqichi 2023 yilda Fransiyadan olib kelingan 23 ming bosh jo‘ja asosida ishga tushirilgan bo‘lsa, ikkinchi bosqichda yana 73 ming bosh jo‘ja olib kelinib, ishlab chiqarish hajmi sezilarli darajada kengaytirildi. Ayni paytda mazkur majmuada yetishtirilayotgan parranda go‘shti qo‘shni Tojikiston Respublikasiga eksport qilinmoqda.

Loyiha doirasida 2024 yilda 4 million AQSH dollari miqdorida investitsiya kiritilgan bo‘lsa, joriy yilda bu ko‘rsatkich 10 million dollardan ortishi rejalashtirilgan.

Bundan tashqari, “Yangi Hayot” mahallasining o‘zida 250 ming bosh parrandaga mo‘ljallangan yirik majmua qurilishi jadal sur’atlarda davom etmoqda. Shu bilan birga, jo‘jalarni ko‘paytirish maqsadida inkubatsion fabrika barpo etish bo‘yicha ham amaliy ishlar boshlab yuborilgan.  

Ushbu tashabbuslar tumanda qishloq xo‘jaligini rivojlantirish, aholi bandligini ta’minlash hamda mahalliy va tashqi bozorlar uchun raqobatbardosh mahsulotlar yetishtirishga xizmat qilmoqda.

Tuman hokimining ta’kidlashicha, Sirdaryo daryosi bo‘yida 18 gektar yer maydonida dam olish va sanatoriy faoliyati uchun mo‘ljallangan majmua qurilishi boshlangan. Turkiyalik investorlar ishtirokida amalga oshirilayotgan 15 million dollarlik ushbu loyiha to‘liq ishga tushgach, 100 dan ortiq ish o‘rni yaratiladi. Ushbu ob’ekt mamlakatdagi eng yirik beshta turizm infratuzilma loyihalaridan biriga aylanishi kutilmoqda.

Sayxunobodda amalga oshirilayotgan loyihalar Prezidentimizning “Kambag‘allikdan farovonlik sari” dasturining amaliy ifodasi bo‘lib, aholini munosib ish o‘rinlari bilan ta’minlash, tadbirkorlik muhitini yaxshilash va mahalliy mahsulotlar ishlab chiqarishga ko‘maklashishni maqsad qiladi.

Xulosa qilib aytganda, Sayxunobod tumanida investitsiya muhiti tobora yaxshilanmoqda, sanoat va qishloq xo‘jaligi  izchil rivojlanmoqda. Davlat va xususiy sektor hamkorligida amalga oshirilayotgan tizimli islohotlar tufayli tuman iqtisodiyoti ko‘tarilmoqda.

G‘ulom Primov, O‘zA muxbiri