Sog‘liqni saqlash vazirligida Saudiya Arabistoni Podshohligining mamlakatimizdagi Favqulodda va muxtor elchisi Yusuf al-Utaybiy bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi. Bu haqda vazirlik matbuot xizmati xabar berdi.
Unda davlatlarimiz o‘rtasidagi ikki tomonlama aloqalar so‘nggi yillarda jadal rivojlanib, ayniqsa, investitsiyaviy sohada hamkorlik ko‘lami kengayib borayotgani ta’kidlandi. O‘z navbatida, bu yo‘nalishdagi qo‘shma dasturlar sog‘liqni saqlash tizimining qator tarmoqlarini ham qamrab olmoqda.
Jumladan, Saudiya taraqqiyot jamg‘armasi ishtirokida amalga oshirilayotgan ana shunday loyihalardan biri mamlakatimizdagi oltita Respublika ixtisoslashtirilgan tibbiyot markazini yuqori texnologik tibbiy asbob-uskunalar va yuqori texnologiyalar bilan ta’minlashga qaratilgan.
Uning umumiy qiymati 42,45 million AQSH dollariga teng. Shundan 22,45 million dollari O‘zbekiston Respublikasi hissasiga to‘g‘ri kelsa, qolgan 20 million dollari mazkur jamg‘arma tomonidan ajratilgan kredit mablag‘laridir.
Muloqotda joriy yil oxiriga qadar yakunlanishi rejalashtirilgan ushbu loyiha ixtisoslashtirilgan tibbiyot muassasalarida kasalliklarni erta aniqlash, ularga tezkor tashxis qo‘yish, murakkab jarrohlik amaliyotlarini o‘tkazish hamda davolash samaradorligini oshirishga xizmat qilishi qayd etildi.
Shuningdek, tomonlar tibbiyotning boshqa yo‘nalishlarida ham hamkorlik aloqalarini kengaytirish yuzasidan fikr almashdi.
O‘zA