Namangan viloyati hokimligi axborot xizmati, viloyat axborot va ommaviy kommunikatsiyalar boshqarmasi tomonidan Chust tumanining Varzik qishlog‘i hududida bunyod etilgan mas’uliyati cheklangan jamiyat shaklidagi “Siberian wellness Namangan” xorijiy korxonasiga press-tur tashki etildi.
Davlatimiz rahbarining kichik biznes va tadbirkorlik rivojiga berayotgan alohida e’tibori tufayli Chust tumanida ham yangidan-yangi investitsiya loyihalari amalga oshirilmoqda. E’tirof etish lozimki, xorijiy investitsiyalarni jalb etish va ularni ro‘yobga chiqarishda Chust nafaqat viloyat, balki respublikada ham yuqori salmoqqa ega bo‘lgan tumanlardan biridir.

“Siberian wellness Namangan” qo‘shma korxonasi bundan uch yil muqaddam Rossiya Federatsiyasining “Sibirskoye zdorove” kompaniyasi bilan hamkorlikda tashkil etilgandi. Adirliklardan 405,5 gektar yer ajratilib, intensiv usulda bog‘dorchilik xo‘jaligiga asos solindi.
– Avvalo, Fransiyadan yuqori navli bodom, o‘rik, shaftoli, gilos, uzum, olxo‘ri va nok daraxti ko‘chatlari keltirilib, 263 gektar maydonga o‘tqazib, parvarishlandi, – deydi xo‘jalik ish yurituvchisi Muhammadrahim Mamajonov. – Bu ishlarni bajarish uchun 60 dan ziyod ishchi kuchiga tayanildi. O‘tgan yili qo‘shimcha yana 105 gektar yerga ana shunday nihollar ekdik. Bir yil davomida yangi hosilga kirgan ko‘chatlardan 1,5 tonna bodom, 50,2 tonna shaftoli, 56 tonna o‘rik va 400 kilogramm nok mevalari yig‘ib olinib, ichki bozorda sotildi. Korxonada ish unumdorligini oshirish maqsadida zamonaviy texnika vositalaridan foydalaniladi.

Loyihaning ikkinchi bosqichi meva konsentrati ishlab chiqarish bo‘yicha ham bir qadar ishlar amalga oshirildi. “Namangan” erkin iqtisodiy zonasidan ajratilgan to‘rt gektar maydonda binolar qurilib, so‘nggi ikki yil mobaynida Bolgariyadan keltirilgan texnologik uskunalar bilan jihozlandi. Maxsus texnikalarni o‘rnatish ishlari Belarus va Bolgariya mamlakatlarining tajribali mutaxassislari tomonidan bajarildi. Shu yilning ikkinchi yarmida ishlab chiqarilgan 17,5 ming dollarlik olma konsentrati qo‘shni Qirg‘iz Respublikasiga eksport qilindi.
Loyihaning keyingi bosqichlarida esa 120 milliard so‘mlik biologik faol qo‘shimchalar hamda 22 million dollarlik pektin mahsulotini ishlab chiqarish rejalashtirilgan. Mahsulotlarni Markaziy Osiyo va Yevropa davlatlariga eksport qilish bo‘yicha shartnomalar tuzish ustida ish olib borilmoqda. Qo‘shma korxonada bir yil davomida umumiy holatda 3,5 ming tonna tayyor meva, 3 ming tonna meva sharbati ishlab chiqariladi. 120 kishining bandligi ta’minlangan korxonada yangi loyihalar ishga tushsa, yana 85 ta doimiy ish o‘rni yaratiladi.

Bundan tashqari, to‘rt gektarda qayta ishlash korxonasi faoliyati yo‘lga qo‘yildi. Loyihaning umumiy qiymati 10 million dollar bo‘lib, to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiya hisoblanadi. Ayni paytda yiliga 3,5 ming tonna tayyor meva, 3 ming tonna meva sharbati ishlab chiqarilmoqda.

Oqilxon Dadaboyev, O‘zAmuxbiri