Prezident topshirig‘i amalda
Joriy yilning 17 iyul kuni Prezidentimiz raisligida o‘tkazilgan videoselektor yig‘ilishda hududlar va tarmoqlarda iqtisodiy o‘sish sur’atlarini ta’minlash bo‘yicha birinchi yarim yillik tahlili hamda yil yakuniga qadar ustuvor vazifalar muhokamasi yuzasidan muhim vazifalar belgilandi.
Toshkent viloyatida ham joriy yil 113 ta ishlab chiqarish loyihalari hisobiga jami 1 milliard 265,8 million dollar to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiyalar va kreditlarni o‘zlashtirish reja qilingan.
Xususan, Xitoy, Rossiya, Germaniya, Singapur va Turkiya kabi davlatlarning investorlari bilan hamkorlikda yangi sanoat korxonalari ishga tushirildi. Masalan, Angren shahrida “Zhong peng ceramics group International” xorijiy korxona tomonidan keramik mahsulotlar ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yildi. Nurafshon shahrida esa “Zhongdi decoration new materials CO” korxonasi tomonidan profil ishlab chiqarish jarayonlari boshlandi.
Shuningdek, Chirchiq shahridagi “SHARQ TUBES” korxonasi tomonidan Turkiya, Ozarbayjon va Moldova davlatlariga 30,6 million dollar mis truba mahsulotlari eksporti amalga oshirildi. Mazkur yo‘nalishdagi sa’y-harakatlar tahlil qilinganda, davlatlar kesimida Rossiyaga 223,1 million, Turkiyaga 76,6 million va Qozog‘istonga 44,8 million dollar mahsulot eksport qilingani ma’lum bo‘ldi. O‘z navbatida Toshkent viloyatida ishlab chiqarilgan 86 turdagi yangi mahsulotlar Bangladesh, Laos, Nepal, Yaponiya kabi davlatlar bozoriga chiqarildi.
Davlatimiz rahbarining tegishli topshirig‘iga asosan, so‘nggi paytlarda Toshkent viloyati delegatsiyasi tomonidan xorijga xizmat safari tashkil etilib, o‘zaro iqtisodiy hamkorlik aloqalari o‘rnatilmoqda. Xususan, hudud ishbilarmon vakillari tomonidan Xitoy Xalq Respublikasiga tashrifi davomida qiymati 6,2 milliard dollar jami 91 ta investitsiya kelishuvlariga erishildi.
Oldinda rejalashtirilgan ko‘plab loyihalar mavjud. Shulardan biri Ohangaron tumanida mis, noyob metallar va boshqa ma’danli mineral resurslarni chuqur qayta ishlash orqali elektrotexnika, charm-poyabzal sanoatini rivojlantirishdir. Umuman olganda, sohada olib borilayotgan sa’y-harakatlar tufayli joriy yil yakunida minglab yangi ish o‘rinlari yaratilishi ko‘zda tutilgan.
A.Musayev,O‘zA.