Davlatimiz rahbari tomonidan hududlarning yashirin imkoniyatlarini ochish, suv va yer resurslaridan oqilona foydalanish hamda xorijiy investitsiyalarni faol jalb etishga qaratilgan vazifalar hayotda o‘z ifodasini topmoqda. Ana shunday amaliy harakatlar natijasida Jizzax viloyatining Forish tumani navbatdagi istiqbolli investitsiya manziliga aylanmoqda.
Xitoy Xalq Respublikasining “CNTIC” kompaniyasi vakillaridan iborat delegatsiyaning mazkur hududga tashrifi ham aynan shu maqsadlarga xizmat qildi. Investorlar tuman hududida rejalashtirilayotgan “Karaman” suv ombori qurilishi loyihasi bilan tanishib, uning nafaqat muhandislik, balki strategik ahamiyatini ham atroflicha baholadilar.

Tashrif davomida Forish tumanining tabiiy-iqlim sharoiti, suv zaxiralari, yer unumdorligi hamda mavjud infratuzilma imkoniyatlari chuqur tahlil etildi. Ayniqsa, Prezident topshiriqlariga muvofiq suv resurslaridan tejamkor foydalanish, zamonaviy sug‘orish texnologiyalarini joriy etish hamda yuqori hosildor, eksportbop ekinlarni yetishtirish masalalari alohida e’tibor markazida bo‘ldi.
Shu bilan birga, loyiha doirasida qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini qayta ishlash, qo‘shimcha qiymat zanjirini yaratish, yangi ish o‘rinlari tashkil etish va aholi daromadlarini oshirishga qaratilgan istiqbolli investitsiya yo‘nalishlari muhokama qilindi. Bu esa hudud iqtisodiyotini jadal rivojlantirish va aholi farovonligini ta’minlashga qaratilgan davlat siyosatining mantiqiy davomi hisoblanadi.

Mazkur tashrif ikki tomonlama hamkorlikni mustahkamlash bilan birga, Forish tumanining investitsiyaviy jozibadorligini yanada oshirish, uni zamonaviy agrosanoat markazlaridan biriga aylantirish yo‘lida muhim qadam bo‘ldi. Zero, bugun kiritilgan investitsiya — ertangi barqaror taraqqiyot poydevoridir.
Abdujalol Qayumov, O‘zA muxbiri