Қазақ
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Investitsiya jozibadorligi Italiya sarmoyadorlarini jalb etmoqda
18:38 / 2022-03-29

Farg‘ona viloyatida to‘g‘ridan-to‘g‘ri investitsiyalar salmog‘i yanada ortib, yirik loyihalar ishga tushirilmoqda.

Bunda xorijiy davlatlar va nufuzli kompaniyalar bilan hamkorlikning muhim o‘rni bor. Viloyat hokimi Xayrullo Bozorov Rossiyada faoliyat olib borayotgan Italiya kompaniyalari uyushmasi – “Confindustria Russia” vitse-prezidenti Jon Mottani qabul qildi.  

2015 yilda italyan ishbilarmon doiralarining Rossiyada faoliyat olib borishlariga ko‘maklashish maqsadida tashkil etilgan ushbu uyushma keyinchalik 2016 yildan Italiya bilan hamkorlikda qo‘shma loyihalarni amalga oshirayotgan rus kompaniyalarini ham a’zolikka qabul qilishni boshlagan. Hozirda 300 dan ziyod kompaniyalarni birlashtirgan ushbu uyushma Italiyaning 150 mingdan ziyod ishlab chiqaruvchi kompaniyalarini jamlagan Confindustria (Confederazione generale dell'industria italian – Umumlashgan Italiya sanoat korxonalari konfederatsiyasi) tashkilotining tarkibiga kiradi.  

Jon Motta muloqot davomida O‘zbekistondagi barqarorlik hamda sarmoyadorlar uchun so‘nggi yillarda yaratilgan qulay investitsiyaviy muhit Italiya ishbilarmon doiralarining diqqat-e’tiborida ekanini qayd etib, Farg‘ona viloyatiga investitsiyalar yo‘naltirishga ustuvor reja sifatida qaralayotganini bildirdi. O‘zbekistonda ham Italiya kompaniyalarining uyushmasi tashkil etilayotganini ma’lum qilgan Motta Farg‘ona shahrida uning alohida filialini tashkil etish taklifini to‘la ma’qulladi. 

Xayrullo Bozorov Farg‘ona viloyatining investitsion salohiyati, xorijiy kompaniyalar bilan hamkorlikda viloyatda amalga oshirilayotgan loyihalar, viloyatdagi erkin iqtisodiy va kichik sanoat zonalari, xorijiy investitsiyalar uchun qonunchilikda mavjud imtiyozlar haqida to‘xtalib, barcha xorijiy hamkorlar qatori italiyalik sarmoyadorlarga ham viloyat hududida o‘z loyihalarini amalga oshirishlari uchun har tomonlama ko‘mak berilishini ta’kidladi.  

Sobiq professional futbolchi bo‘lgan hamda Italiya futbol federatsiyasi nomidan MDH hududida hamkorlik munosabatlari o‘rnatish vakolati berilgan Jon Motta bilan uchrashuvda Qo‘qonda ilk o‘zbek futbol jamoasi tashkil topganining 110 yilligi bayrami doirasida Seriya A klublaridan biri bilan o‘rtoqlik uchrashuvi tashkil etish imkoniyatlari ham muhokama qilindi. Investitsion hamkorlik munosabatlari bo‘yicha uchrashuvda erishilgan hamfikrlilikni mustahkamlash maqsadida yaqin kunlarda hamkorlik memorandumi imzolashga kelishib olindi.  

M. Sulaymonov, O‘zA