Senat qo‘mitalarining hamkorlikdagi majlisida hududlarda agrar va oziq-ovqat sohalarini rivojlantirish, investitsiyalarni faol jalb qilish hamda eksportni qo‘llab-quvvatlash borasida amalga oshirilayotgan ishlar muhokama qilindi.
Unda Andijon, Jizzax, Namangan va Xorazm viloyatlarida agrar va oziq-ovqat sohalarini rivojlantirish, investitsiyalarni faol jalb qilish hamda eksportni qo‘llab-quvvatlash borasidagi ishlar holatiga e’tibor qaratildi.
Shu masalalarga mas’ul vazirlik va idoralar rahbarlari hamda viloyat hokimi o‘rinbosarlarining axborotlari eshitildi.
Xususan, joriy yilda Andijon viloyatida oziq-ovqat mahsulotlari ishlab chiqarish bo‘yicha qiymati 21,2 million dollar bo‘lgan 23 loyiha shakllantirilib, bugungi kunda 6,9 million dollar bo‘lgan 8 loyiha to‘liq quvvatda ishga tushirilgan.
Jizzax viloyatida qishloq xo‘jaligi va oziq-ovqat mahsulotlarini yetishtirish uchun 76 ming gektar maydonga qishloq xo‘jaligi ekinlari ekilib, 10 trillion so‘mlik mahsulot yetishtirilgan.
Viloyatda g‘alla va ertaki ekinlardan bo‘shagan 83 ming gektar maydonga takroriy ekinlar ekilib, 28 mingga yaqin aholiga, jumladan, fermer xo‘jaligining a’zolari, ijtimoiy daftarlarga kiritilgan va ishsiz yoshlarga ajratib berilgan.
Yil yakuniga qadar takroriy ekinlardan 945 ming tonna yoki 2,8 trillion so‘mlik qishloq xo‘jaligi mahsulotlari yetishtirish rejalashtirilib, mahsulot ishlab chiqaruvchilarga 69 nafar eksportyor-tadbirkor, qayta ishlash hamda tomorqa xizmati korxonalari biriktirilgan.
Shuningdek, yetishtirilgan hosilni kafolatli xarid qilishning samarali tizimi yo‘lga qo‘yilgan.
Namangan viloyatida oziq-ovqat sanoati loyihalari doirasida qiymati 11,4 milliard so‘mlik 7 loyiha ishga tushirilgani natijasida yanvar-iyun oylarida 46,3 million dollarlik meva-sabzavot va oziq-ovqat mahsulotlari eksport qilingan.
Hududiy rivojlantirish dasturlari doirasida yil yakuniga qadar 201 investitsiya loyihasi ishga tushirilishi belgilangan bo‘lib, o‘tgan yarim yillikda qiymati 164 milliard so‘mlik 60 yangi loyiha ishga tushirilgan hamda mingga yaqin yangi ish o‘rinlari yaratilgan.
Xorazm viloyatida agrar va oziq-ovqat sohasida qiymati 1,7 trillion so‘m bo‘lgan 156 loyihani ishga tushirish hamda 2,6 mingta yangi ish o‘rni yaratish rejalashtirilgan. O‘tgan yarim yillikda mazkur loyihalar doirasida qiymati 237 milliard so‘mlik 85 ta loyiha moliyalashtirilib, 760 dan ortiq yangi ish o‘rinlari yaratilgan.
Majlisda amalga oshirilayotgan ishlar bilan bir qatorda, muhokama qilingan sohalardagi mavjud muammolar ham aytib o‘tildi. Xususan, xalqaro moliya institutlarining mablag‘lari hisobidan qiymati 95,5 million dollar bo‘lgan oziq-ovqat sanoati loyihalari shakllantirilgan bo‘lsa-da, bugungi kunda ushbu mablag‘ning atigi 14,6 foizi o‘zlashtirilgan.
Hududlarda investitsiya dasturlari doirasida ishga tushirilishi belgilangan qishloq xo‘jaligi hamda oziq-ovqat sanoati loyihalari to‘liq amalga oshirilmagan. Jumladan, rejaga nisbatan eng past ko‘rsatkichlar Asaka, Qo‘rg‘ontepa, Baxmal, Gurlan, Yangibozor, Yangiqo‘rg‘on, Uychi, Davlatobod tumanlarida qayd etilgan.
Senatorlar tomonidan kamchiliklarni bartaraf etish yuzasidan qishloq xo‘jaligi yo‘nalishlari bo‘yicha amalga oshiriladigan loyihalarga to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiyalarni jalb qilish, shuningdek, kreditlarni o‘zlashtirish ko‘rsatkichlari past hududlar bo‘yicha zarur choralar ko‘rish yuzasidan vazirlik va idoralarga ko‘rsatmalar berildi.
N.Abduraimova, O‘zA