Butunjahon turizm tashkiloti (YUNVTO) Bosh Assambleyasining 25-sessiyasi doirasida tashkil etilgan Global investitsiya forumida Samarqand viloyatining turistik va infratuzilma salohiyati taqdimoti o‘tkazildi.
Samarqand viloyati hokimining turizm, madaniyat, madaniy meros va ommaviy kommunikatsiyalar masalalari bo‘yicha o‘rinbosari Rustam Qobilovning qayd etishicha, bugungi kunda viloyatda 700 dan ortiq madaniy meros ob’ekti sayyohlar orasida ommalashib bormoqda. Shu bilan birga turizmning gastro turizm, ziyorat turizmi, etno turizm va madaniy turizm kabi turlari rivojlanib bormoqda. Turizmning boshqa yo‘nalishlari, jumladan, ekstremal turizm, tibbiyot turizmi, eko turizm va ta’lim turizmi kabi turlarini rivojlantirish uchun katta imkoniyatlar mavjud.
– Buguni kunda viloyatimizda 10612 ta o‘ringa ega 162 ta mehmonxona, 2131 o‘rinli 81 ta xostel va 3206 o‘rindan iborat 350 ta oilaviy mehmon uyi hamda 257 ta turoperator va turagnet faoliyat yuritmoqda. So‘nggi 3 yilda ularning soni 2 baravar oshdi, – deydi R.Qobilov. – Samarqand shahrining turizm infratuzilmasini rivojlantirish maqsadida bunyod etilgan “Silk Road Samarkand” turizm markazida turizmning barcha yo‘nalishlarida xizmat ko‘rsatish imkoniyatlari yaratildi. Yangilangan Samarqand xalqaro aeroportida havo erkinligining beshinchi darajasi joriy etildi va xorijiy aviakompaniyalar uchun cheklovlar olib tashlandi. Mazkur aeroport bir kunda 20 ta aviaqatnovni qabul qilish, yiliga 1,5 million sayyohga xizmat ko‘rsatish imkoniyatiga ega bo‘ldi. Buning natijasida 2022 yilda Samarqandga dunyoning 152 mamlakatidan tashrif buyurgan sayyohlar soni o‘tgan besh yil bilan solishtirganda 11 barobarga oshdi. Sayyohlik eksporti hajmi 200 million dollardan ortiqni tashkil etdi.
[gallery-14089]
Qayd etilishicha, ayni paytda viloyatda xorijiy davlatlar ishtirokida 750 ta qo‘shma va xorijiy korxona faoliyat olib borayotgan bo‘lib, shu yilning yakuniga qadar 1 milliard 200 million dollarlik xorijiy investitsiyalarni jalb etish yuzasidan kelishuvlarga erishilgan. Bu ko‘rsatkichlarni iqtisodiyotning barcha yo‘nalishlarida, ayniqsa, turizm xizmatlari ko‘rsatish sohasida bir necha barobar oshirish imkoniyati mavjudligi ta’kidlandi.
Global investitsiya forumi doirasida Samarqand viloyatida turizm va soha infratuzilmasini yanada rivojlantirish yuzasidan 700 million AQSH dollaridan ortiq miqdordagi shartnomalar imzolandi.
Jumladan, Xitoyning Shensi provinsiyasidagi turizm kompaniyasi bilan qadimiy Buyuk ipak yo‘lida turizmni kengaytirish bo‘yicha kelishuvga erishildi.
G‘.Hasanov, A.Isroilov (surat),
O‘zA muxbirlari