Poytaxtimizda AQSH, Buyuk Britaniya, Turkiya, Xitoy, Hindiston, Misr, shuningdek Janubi-Sharqiy Osiyo, Yevropa Ittifoqi, MDH, Yaqin Sharq mamlakatlaridan 2,5 mingdan ziyod ishtirokchini birlashtirgan II Toshkent xalqaro investitsiya forumi yakunlandi.
Ikki kun davom etgan anjumanda qishloq xo‘jaligi, qurilish, yashil texnologiya, to‘qimachilik, charm va ipak sanoati, bank, moliya, kimyo texnologiyasi, raqamlashtirish kabi turli yo‘nalishlarni qamrab olgan 30 ga yaqin munozara, davra suhbati, uchrashuv bo‘lib o‘tdi.
Masalan, Zamonaviy qurilish va qurilish materiallari sanoati mavzusidagi munozarada ushbu yo‘nalish iqtisodiyot sohasining jadal rivojlanayotgan tarmog‘i ekani ta’kidlandi. Shu bilan birga uzluksiz ravishda yangi texnologiya paydo bo‘lishi, shuningdek, tashqi inqiroz sharoitida sanoat doimo o‘zgarib turadi. Yaqin kelajakda qurilish sanoati resurslarni avaylash, uy-joy xavfsizligi va qulay yashash muhitini yaratishga qaratilgan “yashil” standart va texnologiyaga ko‘proq e’tibor qaratadi.
Mutaxassislar fikricha, qurilishda yashil texnologiyadan foydalanishni hisobga olgan holda, sohaga xususiy uy xo‘jaligini ko‘proq jalb qilish zarur.
Yana bir sessiya beqiyos investitsion salohiyatga ega bo‘lgan to‘qimachilik, charm va ipak sanoatiga bag‘ishlandi.
Umuman, tadbir doirasida mamlakatimiz iqtisodiyoti, ijtimoiy rivojlanishiga qaratilgan qator samarali, foydali bitim va shartnomalar tuzildi. Xususan, “Asakabank” AJ hamda Germaniyaning “Landesbank Hessen-Thüringen” banki o‘rtasida qiymati 30 million dollarga teng Kichik biznes va tadbirkorlikni moliyalashtirish uchun hamkorlik to‘g‘risida kelishuv imzolandi. Qishloq xo‘jaligi vazirligi hamda Fransiyaning “SLT” kompaniyasi 6 million dollarlik O‘zbekistondagi sut va sut mahsulotlari ishlab chiqaruvchi zavodni sotib olishni ko‘zda tutuvchi memorandumni ma’qulladi. “O‘zbek geologiya qidiruv” AJ hamda Rossiyaning “Oltin Kon” MCHJ QK o‘rtasida 18 million dollar qiymatga ega Kuljuktov tog‘ massivini geologik o‘rganish to‘g‘risidagi hujjat qabul qilindi.
Farmatsevtika tarmog‘ini rivojlantirish agentligi hamda Xitoyning “Youdi Biotech Co.Ltd” kompaniyasi o‘rtasida imzolangan, 40 million dollarga teng yana bir ahamiyatli hujjat “Tashkent Pharma Park” innovatsion ishlab chiqarish farmatsevtika klasteri hududida qattiq turdagi dori vositalari tayyorlashni nazarda tutadi.
Qayd etish kerak, birinchi forum doirasida jami 7,8 milliard dollarlik 105 ta hujjat imzolangan bo‘lsa, joriy yil “TXIF-2023” doirasida 164 ta kelishuv va shartnoma imzolandi, mazkur hujjatlarning umumiy qiymati 11 milliard dollarga yetdi.
Samarali kelishuvga erishgan yirik xorijiy korxonalar ro‘yxatiga “Gezhouba Invest” (XXR), “Cengiz Energy” (Turkiya), “Al Bawani Company”, “SAJCO” (SAP), “Lasselsberger Group” (Avstriya), “Dewan cement” (Pokiston), “Mareven Food” (Vetnam), “Commerzbank AG”, “KfW IPEX-Bank”, “Landesbank” (Germaniya), “Cadila Pharmaceuticals” (Hindiston) va boshqa kompaniyalarni kiritish mumkin.
Erishilgan kelishuvlarni vaqtida va sifatli amalga oshirish maqsadida ishlab chiqilgan “Yo‘l xaritasi”da har bir loyihaning ijrochisi va bajarilish muddati aniq belgilab qo‘yildi.
E’tiborli jihati, bunday hujjatlar kelgusida mamlakatimizni iqtisodiy, ijtimoiy rivojlantirish, yangi ish o‘rinlari yaratish, bir so‘z bilan aytganda, aholi farovonligi ta’minlashga qaratilgani bilan ahamiyatli.
Go‘zal Sattorova, O‘zA