French
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Investitsiya forumi: O‘zbekiston qishloq xo‘jaligi sanoati haqida
22:16 / 2022-03-25

Toshkent xalqaro investitsiya forumining ikkinchi kuni ham yakunlandi. Tadbir doirasida ilk kelishuvlar imzolandi, panel munozaralari, sessiyalar, davra suhbatlari o‘tkazildi.

Kun tartibidagi sessiyalardan biri – “Qishloq xo‘jaligi sanoati uchun yangilangan ishlab chiqarish va yangi bozorlar” mavzusi ham mahalliy va xorijiy ekspertlarni bir joyga jamladi. Muhokama markaziga yuqori qo‘shilgan qiymatli mahsulotlarga o‘tish bo‘yicha qo‘yilayotgan qadamlar, investorlarning ushbu jarayondagi ishtiroki, oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlash va eksportni rivojlantirish bilan birga qishloq joylarida yuqori maoshli ish o‘rinlari yaratish masalalari chiqdi.

Qishloq xo‘jaligi vaziri o‘rinbosari, Qishloq xo‘jaligida bilim va innovatsiyalar milliy markazi bosh direktori Alisher To‘rayev bugungi kunga qadar amalga oshirilgan bir qancha muhim ishlar haqida so‘z yuritdi.

O‘zbek paxtasiga nisbatan boykot bekor qilindi. Bu mamlakatimizning xalqaro bozorga sifatli mahsulotlar bilan qaytish imkoni kengayishini anglatadi. Bundan tashqari, xotin-qizlar va yoshlarni qo‘llab-quvvatlash maqsadida ularga 10 sotixdan 1 gektargacha yer ajratish loyihasi asosida hozirgacha 175 ming fuqaroga yer uchastkasi ajratildi.

Tadbirda qishloq xo‘jaligining turli yo‘nalishlarida, masalan, unumdorligini yo‘qotgan tuproqni qayta tiklash, suv tejovchi texnologiyalarni joriy etish, bog‘dorchilikni yaxshilash, ishlab chiqarilayotgan mahsulotlarni standartlashtirishda investorlar uchun katta imkoniyat mavjudligi e’tirof etildi.

Latviya qishloq xo‘jaligi vaziri Kaspars Gerxards o‘z davlatini misol qilib keltirarkan, yosh fermerlarning ta’lim olishiga alohida e’tibor qaratish kerakligini ta’kidladi.

O‘zbekiston qishloq xo‘jaligi mahsulotlari eksporti ko‘lamini kengaytirish uchun zarur bo‘ladigan vositalar qatorida sarmoya, texnologik innovatsiyalarni davlat bilan birgalikda rivojlantirish, ijtimoiy sheriklik, mahsulotni sertifikatlashtirish va standartlashtirish, shuningdek, qishloq xo‘jaligining muhim, samarador yo‘nalishlarini qo‘llab-quvvatlash masalasi ham diqqat markazida bo‘ldi.

Behruz Xudoyberdiyev, O‘zA