Oʻzbek
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Investitsiya dasturi ijrosi – nazoratda
17:18 / 2024-07-20

Respublika Bosh prokurorining birinchi o‘rinbosari, davlat adliya maslahatchisi Bahriddin Valiyev rahbarligidagi ishchi guruhi tomonidan Namangan viloyatida tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlash, investitsiya dasturlari ijrosi, shu jumladan, farmatsevtika sohasida amalga oshirilayotgan loyihalarni ishga tushirish borasidagi ishlarni yanada jadallashtirishga qaratilgan tadbirlar davom etmoqda.

Xususan, Kosonsoy tumanidagi erkin farm zonada joylashgan “Axsikent sof sanoat” mas’uliyati cheklangan jamiyat binosida viloyat hokimligi, soliq, markaziy bank, kadastr, qurilish boshqarmalari, kommunal soha va tijorat banklari rahbarlari ishtirokida investitsiya dasturlari doirasida joriy yilda amalga oshirilayotgan loyihalar yuzasidan taqdimot bo‘lib o‘tdi.  

Unda aytilishicha, Namangan viloyatida 2024 yilning birinchi yarim yilligida 134 loyiha doirasida jami 849,4 million dollar xorijiy investitsiya va kreditlarni o‘zlashtirish rejalashtirilib, amalda 879,2 million dollar investitsiya o‘zlashtirilishi ta’minlangan. Bu borada mas’ullarga xorijiy investitsiyalar oqimini yanada kengaytirish, loyiha egalari, shuningdek, chat el sarmoyadorlari bilan muntazam aloqada bo‘lish va faoliyatida yuzaga kelgan muammolarni tezkorlik bilan hal etish yuzasidan topshiriqlar berildi.  

Shuningdek, tadbirda farmatsevtika sohasida qiymati 104,1 million dollar 11 investitsiya loyihasini amalga oshirayotgan tashabbuskorlarning har biri bilan individual suhbatlar o‘tkazildi. Ular tomonidan bildirilgan muammoli masala va takliflar mutasaddi idora rahbarlari ishtirokida atroflicha muhokama qilindi. Uchrashuv natijasi o‘laroq, to‘rtta muammoli masalaning joyida ijobiy hal etilishi ta’minlandi, qolgan muammolarni tez fursatlarda bartaraf etish yuzasidan mas’ullari va muddatlari aniq belgilangan nazorat rejasi ishlab chiqilib, ijroga qaratildi.  

Oqilxon Dadaboyev, O‘zA.