Қазақ
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Investitsiya dasturi amalda
12:43 / 2025-12-09

Uchquduq tumanidagi Shimoliy kon boshqarmasi Navoiy kon-metallurgiya kombinatining eng yirik bo‘linmalaridan biri bo‘lib, uning tarkibida chidamli oltin-sulfidli rudalarni qayta ishlash bo‘yicha dunyodagi eng yirik korxonalardan sanaladigan 3-gidrometallurgiya zavodi hamda yiliga 5 million tonna ruda qayta ishlash quvvatiga ega 5-gidrometallurgiya zavodi faoliyat yuritadi. Ularda “Qoqpatas”, “Dovg‘iztov”, “Turbay”, “Auminzo-Amantoy”, “Hojibo‘g‘ot” konlaridan keltiriladigan ma’danlar qayta ishlanadi. Boshqarma tarkibida avtomobil transporti, temir yo‘l xo‘jaligi, shuningdek, o‘ndan ortiq sex va laboratoriyalar mavjud bo‘lib, 14 mingdan ziyod mutaxassis mehnat qiladi.

– So‘nggi sakkiz yil ichida boshqarma faoliyatida tub o‘zgarishlar amalga oshirildi, – deydi Shimoliy kon boshqarmasi bosh muhandisi Bobir Sayfiddinov. – Ayniqsa, “Qoqpatas va Dovg‘istov” konlarida ma’dan qazib olish loyihasining amalga oshirilishi natijasida qazib olish quvvati yiliga 132 million kub metrga yetdi. Ma’danni qayta ishlash hajmi esa 15 million tonnaga oshdi. Bu o‘zgarishlar boshqarmani NKMK tarkibidagi ilg‘or bo‘linmalardan biriga aylantirdi.

“Qoqpatas va Dovg‘istov oltin konlarida ma’dan qazib olish (III navbati)” investitsiya loyihasi doirasida 3-gidrometallurgiya zavodida 7- va 8-tegirmon bloklari ishga tushirilib, zavodning yillik ishlab chiqarish quvvati 10 million tonnaga yetkazildi. Flotatsiya sexi kengaytirilishi natijasida bir sutkali qayta ishlash hajmi 23 ming tonnadan 28 ming tonnaga oshdi. Shuningdek, zavoddagi bioksidlash sexida 9- va 10-modullar ishga tushirilib, amaldagi 48 ta bioreaktorga qo‘shimcha 12 ta bioreaktor qo‘shildi. Bu esa sulfid konsentratlari ishlab chiqarishni 25 foizga, tayyor mahsulot hajmini esa 12 foizga ko‘paytirish imkonini berdi.

2024-2026 yillarga mo‘ljallangan keng qamrovli ishlar doirasida 3-GMZ uchun kapital qurilish-montaj ishlariga 66 ming dollar, zamonaviy kon texnikalari va uskunalar xarid qilishga 221 ming dollar yo‘naltirildi. Shu bilan birga, boshqarma barqaror energiya manbalariga o‘tishni yo‘lga qo‘yib, quvvati 2550 kVt bo‘lgan quyosh fotoelektr stansiyasini ishga tushirdi va ishlab chiqarish ob’ektlariga 1210 ta quyosh kollektorlari o‘rnatildi.

“Feruza” nim stansiyasida olib borilayotgan modernizatsiya ishlari ishlab chiqarish jarayoni xavfsizligi va barqarorligiga xizmat qilmoqda.

 2025 yilda “Dovg‘istov” konida 45 million kub metr kon massasini qazib olish rejalashtirilgan bo‘lib, bu o‘tgan yilga nisbatan 25 foizga ko‘p degani. “Qoqpatas” konida esa qazib olish hajmi 38 million kub metrdan 57 million kub metrga oshirildi.

Investitsiya loyihalari nafaqat konchilik sohasini, balki hududlarning ijtimoiy-iqtisodiy infratuzilmasini ham rivojlantirmoqda. Loyiha doirasida 1308 ta yangi ish o‘rni yaratildi. Ishchilar uchun qulay sharoit yaratish maqsadida Qizilqum cho‘lining markazidagi “Dovg‘istov” konida 174 o‘rinli yotoqxona, 80 o‘rinli oshxona, 154 o‘rinli yuvinish va kiyinish xonalari barpo etildi. Shuningdek, “Qoqpatas” konida 250 o‘rinli oshxona va 3-GMZ hududida markaziy laboratoriyaning yangi binosi foydalanishga topshirildi.

NKMK 2030 yilga borib 125 tonna oltin ishlab chiqarishni mo‘ljallamoqda. Bugungi kunda Tog‘-kon sanoati va geologiya vazirligi tomonidan “Qoqpatas” va “Dovg‘iztov” konlarining III navbati bo‘yicha geologiya-qidiruv ishlari olib borilmoqda. “Dovg‘iztov”da 17,9 million tonna, “Qoqpatas”da esa taxminan 31 million tonna oltin tarkibli ma’dan zaxirasi tasdiqlanishi kutilayotgani esa hududda istiqbolli loyihalarning davom etishidan dalolat beradi.

Abduvali Bo‘riyev, O‘zA muxbiri