Farg‘ona viloyatida 2025 yilda 1,1 mlrd.dollarlik eksport amalga oshirildi. 3,7 mlrd.dollar, shundan 2,5 mlrd.dollar xorijiy investitsiya o‘zlashtirildi. Bu raqamlar ortida viloyat rahbariyati, idora-tashkilot mas’ullari va tadbirkorlarning izchil va mashaqqatli mehnati turibdi.
2026 yil rejalari bundanda ulkan va uni amalga oshirish uchun yangi yilning dastlabki kunlaridanoq samarali faoliyat olib borilmoqda.

So‘nggi kunlarda Farg‘ona viloyati hokimi Xayrullo Bozorov bir necha mamlakatlarning kompaniya va korporatsiyalari rahbarlari bilan uchrashdi. Jumladan, Polsha Respublikasining “NEMO” kompaniyasi rahbari Xenrik Vidra boshchiligidagi delegatsiya bilan uchrashuvda Farg‘ona viloyatida maishiy va sanoat chiqindilarini qayta ishlash, ulardan energiya hamda yoqilg‘i (briket), shuningdek, organik o‘g‘itlar va biogaz ishlab chiqarish masalalari muhokama qilindi.

Shuningdek, polshalik investor Xenrik Vidra Farg‘ona viloyatida o‘z kompaniyasini davlat ro‘yxatidan o‘tkazganini ma’lum qilib, O‘zbekiston tomoni bilan hamkorlikda ishlashdan mamnun ekanligini ta’kidladi.

Niderlandiya Qirolligining Vageningen shahrida joylashgan “Delphy Co., Ltd” kompaniyasi vakillari bilan uchrashuvda bosh menejer Anna Pashkevich bilan viloyatda qishloq xo‘jaligining ustuvor yo‘nalishlari – intensiv bog‘dorchilik, issiqxona xo‘jaligi va gulchilik tarmoqlarini rivojlantirishga qaratilgan yangi loyihalar muhokama qilindi.

Quva tumanida atirgulchilik, Farg‘ona tumanida esa malinachilik yo‘nalishlarini zamonaviy talablar asosida yangi bosqichga olib chiqish yuzasidan fikr almashildi.
Viloyat hokimi Xayrullo Bozorov Xitoyning “ZhangjiagangHuayiTextileCo., Ltd.” kompaniyasi rahbari Lyu Veylyan boshchiligidagi delegasiyani ham qabul qildi.
Uchrashuvda tikuv-to‘qimachilik sanoatini yanada rivojlantirish, tayyor mahsulotlar ishlab chiqarish, dunyodagi mashhur brend kompaniyalar bilan hamkorlik qilish, eksport imkoniyatlarini kengaytirish masalalari muhokama qilindi.
Shuningdek, Toshloq tumanida faoliyat olib borayotgan "AmiraTekstil" MCHJ bilan Xitoy kompaniyasi o‘rtasida istiqbolli loyiha amalga oshirilayotgani ta’kidlandi.
Uchrashuv yakunida "AmiraTekstil" MCHJ va Xitoy kompaniyasi o‘rtasida hamkorlik kelishuvi imzolandi.
Shunday qilib, Farg‘ona viloyatida 2026 yilga rejalashtirilgan 4 mlrd.dollarlik investitsiya marrasiga erishish uchun hozirdanoq ishonchli zamin yaratilyapti.
Muhammadjon Obidov, O‘zA