Ohangaron tumanida “Shamol, quyosh, suv elektr energiyasi ishlab chiqarish va energiya saqlash, elektr tarmoqlarini modernizatsiya qilish” loyihasiga start berildi. Shu munosabat bilan tashkil etilgan tadbirda tuman hokimi Doniyor Madirimov, soha mutaxassislari, xitoylik hamkorlar va ishchi-xodimlar qatnashdi.
So‘zga chiqqanlar amalga oshirilish ko‘zda tutilgan istiqbolli rejalar hamda barpo etiladigan korxonalarning ishga tushirilishi energetika sohasida samaradorlikni ta’minlash yo‘lidagi katta qadam ekaniga alohida to‘xtaldi.


– Hududimizda xorijlik investorlar bilan birga ko‘plab yirik loyihalar amalga oshirilmoqda, – deydi Ohangaron tuman hokimi o‘rinbosari Jamshid Latipov. – Buning uchun davlatmiz rahbari tomonidan keng imkoniyatlar yaratilgan. Natijada tumanimizda sanoat mahsulotlari ishlab chiqarish hajmi va turi ortmoqda. Tashkil etilayotgan korxonalarda aholi bandligi ta’minlanyapti. Jumladan, “AHANGARAN NEW ENERGY” xorijiy korxonasi tomonidan amalga oshirilayotgan tashabbus uchun “Telov” MFY hududidan 666,2 gektar yer maydoni tanlangan. Mazkur loyihaning umumiy qiymati 1,8 milliard dollar bo‘lib, 3 yil davomida bosqichma-bosqich o‘zlashtiriladi.


Mutaxassislarning ta’kidlashicha, loyihaning xorijiy hamkori Xitoyning “BAIBUTING” kompaniyasi ko‘p sohalarda samarali faoliyat yuritadi. U turar-joy qurilishi, jamoatchilik xizmatlari, konlarda ma’dan qazib olish, energiya texnologiyalari, sanoatga sarmoya kiritish, kemasozlik, madaniy va media sohalarda yaxshi tajribaga ega.
A.Musayev, O‘zA.