French
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
INVESTITSION LOYIHA: Toshsoqa tizimidagi magistral sugʻorish kanallari qayta tiklanmoqda
10:28 / 2020-10-17

Xorazm viloyatida sugʻoriladigan yer maydoni 246,4 ming gektarni tashkil etadi. Joriy yilda 82,7 ming gektarida paxta, 33,2 ming gektarida gʻalla yetishtirildi.


Xorazm viloyatida sugʻoriladigan yer maydoni 246,4 ming gektarni tashkil etadi. Joriy yilda 82,7 ming gektarida paxta, 33,2 ming gektarida gʻalla yetishtirildi.

Voha iqlimi qurgʻoqchil, boshqa hududlarga nisbatan shoʻrlanish yuqori boʻlgani bois, qishloq xoʻjaligi ekinlari va paxtani sugʻorishga alohida eʼtibor beriladi. Masalan, bu yerda koʻllatib sugʻorish shoʻrlanishni yuvishda yaxshi usuldir.

“UzWaterAware” loyihasi doirasida Oʻzbekiston Respublikasi Suv xoʻjaligi vazirligi va Markaziy Osiyo mintaqaviy ekologik markazining Oʻzbekistondagi filiali hamkorligida oʻtkazilgan matbuot anjumanida shu haqda soʻz bordi.

Chapqirgʻoq Amudaryo irrigatsiya tizimlari havza boshqarmasi huzuridagi Meliorativ ekspeditsiya bosh mutaxassisi Yoʻldosh Polvonovning maʼlum qilishicha, Xorazm viloyatining murakkab iqlim sharoitiga qaramay, joriy yil gʻalla yetishtirish rejasi ortigʻi bilan bajarilgan. Mavsumda paxta hosilini yigʻishtirib olish natijalari ham barchani quvontiradi. Chunki ushbu yil paxta hosilidan ulkan xirmon yigʻilib, koʻzlangan marraga yetish arafasida turibdi.

Albatta, viloyatda bunday yutuqlarga erishish mirishkor dehqonlarning kasbiga sadoqati, tajribasi va yana suv tanqisligi sezilsa-da, tizimda suv va melioratsiya ishlarining yaxshi yoʻlga qoʻyilgani bilan bogʻliqdir.

- Ochigʻini aytganda, keyingi paytda suv tanqisligi juda sezilyapti, - dedi Y.Polvonov. - Biroq Suv xoʻjaligi vazirligi va uning viloyatdagi boshqarma hamda boʻlimlari tomonidan suv manbasidan oqilona foydalanish, kanal va ariqlardagi meliorativ holatlarni yaxshilashga qaratilayotgan eʼtibor bizni ana shu muammolarni yumshatishga yordam bermoqda.

Tadbirda taʼkidlanganidek, viloyatdagi yer maydonining 30,7 ming gektari kuchli, 78,9 ming gektari oʻrta va qolgan qismi kuchsiz darajada shoʻrlangan. Yerlarning meliorativ holatini meʼyorida saqlab turishga 10 ming 473 kilometr kollektor zovur tarmoqlari xizmat qiladi. Ayni kunlarda Islom taraqqiyot banki ishtirokidagi investitsiya dasturi doirasida Toshsoqa tizimidagi magistral sugʻorish kanallarini qayta tiklash loyihasi boʻyicha katta hajmda rekonstruksiya ishlari amalga oshirilmoqda. Xususan, jami 304 kilometr kanallarni rekonstruksiya qilish, shundan 153 kilometr qismini betonlashtirish, 253 ta yangi gidrotexnik inshoot qurish, 467 ta inshootni rekonstruksiya qilish tadbirlari yakunlanish arafasida. Bu ishlar natijasida 191 ming gektar maydonda suv taʼminoti yaxshilanadi, 100 ming gektar yerning meliorativ holati barqarorlashadi.

- Markaziy Osiyo mintaqaviy ekologik markazining Oʻzbekistondagi filiali toʻrt yil mobaynida mazkur “UzWaterAware” loyihasini hayotga tatbiq etib kelmoqda, -dedi Suv xoʻjaligi vazirligi axborot xizmati rahbari Shuhrat Suyunov. -Milliy hamkor sifatida vazirligimiz ham filial bilan birgalikda qator tadbirlar tashkil etmoqda. Joriy yilning 14-16-oktyabr kunlari loyiha asosida soha xodimlari va OAV vakillari bilan Xorazm viloyatida boʻldik. Ishtirokchilarga tizimdagi oʻzgarish va yangiliklarni yaqindan tanishtirish maqsadida Shovot kanali boʻyida ushbu anjumanni uyushtirdik. Maqsadimiz esa bugunning dolzarb mavzusi boʻlgan suv va undan unumli foydalanish uchun zarur sharoitlarni yaratish hamda aholining mavzuga doir masalalarda xabardorligini oshirishdir.