Intriga tugadi, Ramos “Real”da qoladi
Jamoa sardori faoliyatini “qirollik klubi”da yakunlashni orzu qilishini aytib oʻtdi
jamoa sardori faoliyatini “qirollik klubi”da yakunlashni orzu qilishini aytib oʻtdi
Soʻnggi vaqtlarda Madridning “Real” jamoasi markaziy himoyachisi va sardori Serxio Ramos “qirollik klubi”ni tark etishi mumkinligi haqida mish-mishlar yurgandi.
Bunga sabab qilib “Real” Chempionlar ligasi pley-off bosqichida “Ayaks”dan yengilgach klub prezidenti va jamoa sardori oʻrtasida nizo kelib chiqqani koʻrsatilayotgandi. Oʻshandan beri Ramos va “Real Madrid” prezidenti Florentino Peres umuman gaplashmayotgan edi. Ushbu vaziyatdan bir qator klublar foydalanib qolish maqsadida Serxioga manfaatli taklif bilan chiqayotgan, oʻz navbatida Peres ham Ramosni yaxshi narxga sotib yuborishga qarshi emasligini bildirgandi.
Bugun klub rasmiy saytida Serxio Ramos ishtirokida matbuot anjumani oʻtkazilishi haqidagi xabar chiqqanidan keyin sport jamoatchiligi “Real” va Ramosning yoʻllari ayrilishi aniq boʻlganiga ishonch hosil qilgandi. Ammo, matbuot anjumanida jamoa sardori shubhalarni yoʻqqa chiqarib, faoliyatini “qirollik klubi”da yakunlashni orzu qilishi, Madridni tark etish xayolida ham yoʻqligini aytib oʻtdi. Demak, intriga tugadi, Ramos kamida 2021-yilning yoziga qadar “Real”da qoladi, agar favqulodda kutilmagan hodisa yuz bermasa.