Ўзбек
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Internetning odamlar hayoti uchun muhimligi Konstitutsiya darajasida ko‘rsatilyapti
10:30 / 2023-04-30

Mamlakatimizda muhim siyosiy jarayon – O‘zbekiston Respublikasi referendum uyushqoqlik bilan davom etmoqda. O‘zbekiston raqamli texnologiyalar vaziri Sherzod Shermatov yangilanayotgan Konstitutsiya bo‘yicha referendumda qatnashdi.

Barcha referendum uchastkalarida bo‘lgani kabi Shayxontohur tumanidagi 356-referendum uchastkasida ham referendumga tayyorgarlik ishlari qat’iy va belgilangan reja asosida olib borildi.  

– Bugun referendumga oilaviy keldik. Ikkinchi qizim ovoz berish jarayonida birinchi marta ishtirok etishi, – deydi vazir Sh.Shermatov. — Saylovlar, referendumlar har qanday jamiyatda demokratik islohotlarni tizimli shakllantirishga hissa qo‘shadigan jarayon. Albatta, bu jarayon doimiy shakllanib borishi kerak. Tizimimizda o‘tayotgan referendum jarayonlarini kuzatib turibman. Xodimlarimiz referendumga kelib, o‘z fuqarolik pozitsiyalarini bildirib ketishyapti.  

Yangi tahrirdagi Konstitutsiyada birinchi marta internet degan so‘z ishlatildi. Internetning odamlar hayoti uchun muhimligi Konstitutsiya darajasida ko‘rsatilyapti. Yana bir muhim masala internetdagi qanaqadir yozishmalar, shaxsiy ma’lumotlar daxlsizligini ta’minlash masalasi ham yangi tahrirdagi Konstitutsiyada alohida ko‘rsatilgan. Chunki borgan sari odamlarning shaxsiy ma’lumotlari internetda ko‘payib ketyapti. Agar buni to‘g‘ri himoya qiladigan tizimni yo‘lga qo‘ymasak ertaga aholimiz, tadbirkorlarga, hammamizga qiyin bo‘ladi. Mana shu masalalar yechimi ustida izlanish sohamiz oldiga katta  vazifalarni qo‘yadi, —dedi vazir.  

Shuningdek, Sherzod Shermatov bundan keyin soha xodimlari oldidagi mas’uliyat yanada ortishi, o‘tgan yilga nisbatan bu yil birinchi chorakda IT eksporti 3 barobar oshgani va xorijiy kompaniyalar yurtimizga kirib kelishi natijasida yoshlarimiz yuqori daromadli ish bilan ta’minlanishiga imkon bo‘layotgani, imkoniyati cheklangan insonlar uchun sohada yaratilayotgan imkoniyatlar xususida ham gapirib o‘tdi.  

N.Rahmonova, O‘zA