Toshkent viloyati Qibray tumanida yashovchi R.D.ga tanishi muntazam ravishda turli xil telegram akkauntlari orqali yozib, boshqalarga ko‘rsatib bo‘lmaydigan foto va videotasvirlarini ijtimoiy tarmoqlarda tarqatish bilan qo‘rqitib, 200 AQSH dollari talab qilib kelgan.
Bu haqda u tegishli organga ariza bilan murojaat qilib, tovlamachiga nisbatan qonuniy chora ko‘rishni so‘ragan.
Olib borilgan tezkor-qidiruv tadbirlari natijasida tovlamachilik qilgan shaxs To‘rtko‘l tumanida yashovchi X.G‘. ekani aniqlangan.
X.G‘. ushbu foto va videotasvirlarni jabrlanuvchining o‘zi internet orqali yuborganini ma’lum qilgan. Ularni ijtimoiy tarmoqlarga tarqatib yubormaslik uchun pul talab qilganida ayol aytilgan pulni berganini, yanada ko‘proq foyda ko‘rish niyatida bu ishni davom ettirganiga iqror bo‘lgan.
IIV Kiberxavfsizlik markazidan ma’lum qilishlaricha, X.G‘.ga nisbatan Jinoyat kodeksining 165-moddasi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.
Eslatib o‘tamiz, kodeksning mazkur moddasi “Tovlamachilik” deb nomlangan bo‘lib, tovlamachilik, ya’ni jabrlanuvchi yoki uning yaqin kishilariga zo‘rlik ishlatish, mulkka shikast yetkazish yoki uni nobud qilish yoxud jabrlanuvchi uchun sir saqlanishi lozim bo‘lgan ma’lumotlarni oshkor qilish bilan qo‘rqitib, o‘zgadan mulkni yoki mulkiy huquqni topshirishni, mulkiy manfaatlar berishni yoxud mulkiy yo‘sindagi harakatlar sodir etishni talab qilish yoxud jabrlanuvchini o‘z mulki yoki mulkka bo‘lgan huquqini berishga majbur qiladigan sharoitga solib qo‘yish – uch yildan besh yilgacha ozodlikni cheklash yoxud uch yildan besh yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi.
Bu harakatlar yana davom ettirilsa, jazo yanada og‘irlashib boradi.
O‘zA