Internetda o‘zbekistonlik hassos shoir Ravshan Fayzning rus va ingliz tillaridagi turkum she’rlari paydo bo‘ldi.
Ularni rus va ingliz tillariga qirg‘izistonlik shoir va tarjimon Rahim Karim o‘girgan. Jumladan, Ravshan Fayzning dastlabki “Men yetgan haqiqat”, “Seni deb ilmasman tinim nima ul...”, “Gulga kirgan bog‘larim qoldi”, “Kel, ey ko‘nglim, milyon yillik arazlarni unutgil...” she’rlari o‘zbek, rus va ingliz tillarida feysbukdagi bir qator chet ellik adabiy guruhlarida, shuningdek, Rossiyaning milliy adabiy saytlari bo‘lmish stixi.ru, litsovet.ru saytlarida e’lon qilinib, xorijiy she’riyat muxlislari tomonidan iliq kutib olindi.
Aytish joizki, hassos shoir Ravshan Fayz she’riyati vatanparlikka, fidoyilikka, yurtga sadoqatga undashi bilan qadrlidir. Shoir ijodi namunalarining rus va ingliz tillarida internet tarmog‘ida paydo bo‘lishi milliy adabiyotimiz muxlislari uchun ayni muddao desak, mubolag‘a bo‘lmaydi.
N.Usmonova,
O‘zA