So‘nggi yillarda internet va axborot texnologiyalari orqali xarid hamda to‘lovlarning onlayn amalga oshirilishi insonlar uchun katta qulaylik yaratib, ortiqcha vaqt tejamoqda. Biroq ayrim shaxslar ushbu imkoniyatlardan g‘arazli maqsadlarda foydalanayotgani ham bor gap.
Xususan, Toshkent viloyati IIBBning Axborot texnologiyalari sohasidagi jinoyatlarga qarshi kurashish boshqarmasi va uning quyi tizimlari tomonidan o‘tkazilgan navbatdagi tezkor-qidiruv tadbiri davomida “Telegram” va “Instagram” ijtimoiy tarmoqlarida O‘zbekiston Respublikasi Davlat bojxona qo‘mitasi nomidan soxta kanal va guruhlar ochib, fuqarolarning pul mablag‘larini o‘zlashtirgan jinoiy guruh fosh etilib, qo‘lga olindi.

Dastlabki surishtiruvlarga ko‘ra, Andijon viloyatida yashovchi 22–25 yoshli besh nafar shaxs joriy yil boshida jinoiy reja tuzib, “Telegram” va “Instagram” tarmoqlarida bojxona tizimi nomidan “Musodara tovarlar” va “Optom sklad” nomlari ostida kanal va guruhlar tashkil etgan. Shuningdek, ijtimoiy tarmoqlardagi guruhlarda “Bojxona qo‘mitasi admini”, “Ishonch siz bilan” kabi o‘nga yaqin soxta akkauntlar orqali o‘zlarini go‘yoki tizim xodimlari sifatida tanishtirgan.

Ular maishiy texnika, muzlatkich va televizorlar, isitish qozonlari, oshxona va bolalar mebellari, turli gadjetlar, jumladan, telefonlarning so‘nggi modellari hamda kiyim-kechaklarni juda arzon narxlarda taklif qilib, aslida mavjud bo‘lmagan motoskuterlargacha yetkazib berishni va’da qilgan.
To‘lovlarning ma’lum qismi esa o‘zgalarning nomiga rasmiylashtirilgan va bank plastik kartalar orqali qabul qilingan. Natijada jinoiy guruh a’zolari dastlabki tergovgacha jami 60 nafar fuqaroning ishonchiga kirib, firibgarlik yo‘li bilan 117 million so‘m pul mablag‘lari o‘zlashtirilgan. Ular pullarni shaxsiy ehtiyojlari uchun sarflab yuborgani aniqlangan. Mahsulotni talab qilgan yoki qayta aloqaga chiqqan jabrlanuvchilar esa javobsiz qoldirilib, ijtimoiy tarmoqlarda “qora ro‘yxat”ga kiritilgan.
Mazkur holat yuzasidan jinoiy guruh a’zolariga nisbatan Jinoyat kodeksining tegishli moddasi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, “qamoq” ehtiyot chorasi qo‘llanilgan. Hozirda tergov harakatlari davom ettirilib, fuqarolarga yetkazilgan moddiy zararlarni qoplash choralari ko‘rilmoqda.
A.Musayev, O‘zA.