French
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Internet va mobil aloqa qamrovini kengaytirishga huquqiy asos yaratilmoqda
19:22 / 2023-06-19

Keyingi yillarda borish qiyin bo‘lgan va olis hududlarda mobil aloqa hamda mobil Internet qamrovini kengaytirish, ko‘rsatilayotgan aloqa xizmatlarining sifatini oshirish yuzasidan keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilmoqda.

Aholi maskanlarini optik tolali aloqa liniyalari bilan qamrab olish 81 foizga, mobil Internet qamrovi esa 98 foizga yetkazilgan.

“Radiochastota spektri to‘g‘risida"gi O‘zbekiston Respublikasi qonuniga o‘zgartishlar kiritish haqida”gi qonun bilan xalqaro ilg‘or tajribalarni inobatga olgan holda radiochastota spektridan birgalikda foydalanish tartibi joriy qilinmoqda.  

Bu Senatning Axborot siyosati va davlat organlarida ochiqlikni ta’minlash masalalari qo‘mitasi yig‘ilishida qayd etildi.  

Senatning navbatdagi yalpi majlisida muhokama qilinadigan masalalarni dastlabki tarzda ko‘rib chiqish asnosida qonunning muhim jihatlari muhokama qilindi.  

Jumladan, radiochastota polosalaridan foydalanuvchilarga birgalikda ishlashiga ruxsat beriladi. Bu jarayon ular o‘rtasida radiochastota organining tegishli ruxsatnomasi asosida shartnoma tuzish orqali amalga oshirilishi belgilab qo‘yilmoqda.

Bunda ruxsatnoma radiochastota spektri bo‘yicha davlat boshqaruvi organi tomonidan belgilanadigan radiochastotalar polosalariga binoan berilishi nazarda tutilmoqda.

Qonun bilan sohada faoliyat yuritadigan sub’ektlar uchun litsenziyalash va ruxsat berish tartibi soddalashtirilib, unga ko‘ra, loyihalash ilmiy-tadqiqot va tajriba-konstruktorlik ishlarini o‘tkazishda tegishli davlat organidan ruxsatnoma olish talab qilinmasligi belgilanyapti.

Qo‘mita a’zolari ushbu qonun qabul qilinishi bilan radiochastota spektridan yanada samarali foydalanish, telekommunikatsiya tarmoqlarini rivojlantirish, shuningdek, aholini sifatli telekommunikatsiya xizmatlari bilan ta’minlashga erishilishini ta’kidladi.

N.Abduraimova, O‘zA