Ўзбек
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Internet tezligini oshirish bo‘yicha qanday ishlar amalga oshirilyapti? (+video)
11:37 / 2022-10-07

O‘zbekiston Milliy axborot agentligining @uza_uz telegram kanali orqali 5 oktyabr kuni berilgan ovozli chatda Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi mas’ul xodimlari IT-park direktori Abdulahad Qo‘chqorov, Telekommunikatsiya infratuzilmasini rivojlantirish boshqarmasi boshlig‘i Murod Yo‘ldoshev, Elektron xizmatlarni rivojlantirish bo‘lim boshlig‘i Dilshod Mirzayevlar ishtirok etishdi.

«Raqamli texnologiyalarni rivojlantirish bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar va ustuvor vazifalar» mavzusida bo‘lib o‘tgan ovozli chat davomida mas’ullar kuzatuvchilar tomonidan yo‘llangan savollarga javob berishdi.

— Barchamizga ma’lum, avgust oyida «2022-2023-yillarda axborot-kommunikatsiya texnologiyalari sohasini yangi bosqichga olib chiqish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi Prezident qarori qabul qilindi.

Qarorda 2022 yil yakunigacha O‘zbekistonda aholi yashaydigan hududlarning 98 foizi mobil aloqa bilan qamrab olinadi, 40 ming kilometr optik tolali aloqa liniyalarini qurish orqali qamrov 80 foizga yetkaziladi, deb belgilangan. Xo‘sh, ushbu topshiriq bo‘yicha bugun aloqa tizimida qanday ishlar olib borilyapti?

— Ushbu qarorning ahamiyatli tomoni – asosan bizni sohadagi muammolarga qaratildi va bu muammolarning yechimlari birma-bir ko‘rib chiqildi. Boshqa qarorlardan farqi shundaki qaror bilan birgalikda vazifa ham yuklatildi. Vazifalarni amalga oshirish mexanizmlari ham ko‘rsatib berildi. Shu maqsadlarga erishish bo‘yicha provayderlar, operatorlarga qulayliklar yaratildi.

Mobil internet tarmog‘i qamrovini aholi yashash maskanlarida 98 foizga yetkazish bo‘yicha jadal ishlar boshlab yuborilgan. Bu yilning boshidan hozirgi kunga qadar 6 yarim mingdan ziyod mobil aloqa baza stansiyalari o‘rnatildi. Qamrov hozirgi kunda 97 foizga yetkazildi. 40 ming kilometr optik tolali aloqa liniyalari qaror chiqqan paytda ancha qismi tortib qo‘yilgandi. Hozirgi kunga kelib 30 ming kilometrdan ortiq optik tolali aloqa liniyalari tortildi. 700 ming xonadonga mo‘ljallangan yuqori tezlikdagi portlar o‘rnatildi.

Yildan-yilga bu ko‘rsatkich yangilanib, oshib bormoqda. Hozir umumiy, keng polosali tarmoqlardan yuqori tezlikdagi internetdan foydalanuvchilarga simli internetdan foydalanish imkoniyati yaratilganlar soni 4 million 300 taga yetkazildi. Oilalar soniga nisbatan qaraganda, bu yaxshi ko‘rsatkich. 7 yarim millionga yaqin oiladan 4 million 300 tasini ulash imkoniyati bor.

Internet tarmog‘ini rivojlantirish uchun oldin xalqaro tarmoqni oshirishimiz zarur. Bu bo‘yicha ham katta loyiha amalga oshirildi. Xalqaro internet tarmog‘ini o‘tkazuvchanlik qobiliyati 1,8 foizga oshirildi. 3 yarim terroga yaqin ma’lumot uzatish tarmog‘i kengaytirildi. Natijada axborot, ma’lumotlar uzatish tarmog‘ining imkoniyatlari oshirildi. Respublikamizning viloyat miqyosidagi ma’lumot uzatish tarmog‘i ham kengaytirildi. Faqatgina internet tushgani bilan tezlik oshib qolmaydi. Poytaxt bilan viloyatlar o‘rtasidagi oraliqlardagi liniyalar ham 600 gigabaytga ko‘tarildi. Tuman markazining o‘zida 60 gigabaytli qurilmalar o‘rnatilgan. Mobil aloqa kompaniyalariga internet tezligini yetkazib berishga katta hissa qo‘shadigan loyihalardan biri bo‘ldi.

— Respublikamizda bugungi kunda qancha IT-parklar bor va ular qanday vazifalarni bajaryapti?

— bugungi kunda respublika bo‘yicha 11 ta IT-park ochildi. Toshkent, Andijon, Jizzax, Guliston, Xorazm shahrida, bundan tashqari, vaqtinchalik IT-parklar Qashqadaryo, Farg‘ona, Navoiy, Buxoro hamda Samarqandda ochilgan. 

Respublikamizdagi 205 ta hududda raqamli o‘quv texnologiya markazlari faoliyat boshlagan. Shu kungacha 60 mingdan ziyod yoshlarimiz raqamli texnologiya o‘quv markazlarida IT sohasi bo‘yicha ta’lim olishgan. Markazlarda kompyuter savodxonligi, dasturlash, dizayn va bir qator boshqa yo‘nalishlarni o‘rgangan.

<iframe width="1280" height="720" src="https://www.youtube.com/embed/Zwf_GnL0cRQ" title="Internet tezligini oshirishda qanday ishlar qilinyapdi?" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture" allowfullscreen></iframe>

 

N. Rahmonova, Yo.Meliboyev (video), O‘zA