Boshqa insonlar chekayotgan dard-alamlar yoki ularning kamsitilishlarini kuzatib turish inson ruhiyatiga kuchli ta’sir ko‘rsatadi. Holat qo‘rqinchli bo‘lishiga qaramay, biz bu vaziyatni tomosha qilishda davom etamiz.
Insonlarga kuchli his-tuyg‘ular va bunday hissiyotlarni keltirib chiqaruvchi kechinmalar yoqadi. Zo‘ravonlik ba’zilarda rahm-shafqat va qayg‘urish hissini paydo qilsa, ayrimlarni qo‘rqitishi, yana birovlarda nafratning paydo bo‘lishiga sabab bo‘ladi. Shu bois, zo‘ravonlik holatlarini ko‘rsatish kimlar uchundir ayni muddao hisoblanadi va u hatto ommalashib bormoqda. Internet tarmog‘ida u butun boshli janrni yaratdi. Millionlab obunachilariga ega o‘nlab yosh blogerlar o‘zlarining faqat zo‘ravonlik sahnalari aks etgan kanallarini ochishdi. Ularning asosiy auditoriyasi – maktab o‘quvchilaridir. Ular bunday sahnalar qanday suratga olinishi va ularni sahnalashtiruvchilarning nechog‘lik nosog‘lom va axloqsiz ekanlikligini tushunmaydi ham. Kadrdagi insonni kamsitish sahnasi ularga qandaydir tabiiy jarayon, dovyuraklik va yoshlarga xos hatti-harakatdek tuyuladi. O‘zlarini prankerlar deb ataydigan ushbu shaxslar go‘yoki jasurlik va ijodkorlik namunasiga aylanmoqda.
MDH mamlakatlaridagi mashhur blogerlardan biri rossiyalik pranker Subxan Mamedov (SUBO). Ayni paytda Instagram sahifasida uning 8,9 million nafar, YouTube kanalida qariyb bir millionga yaqin obunachisi bor. Xo‘sh, u qanday qilib shuncha odamning e’tiborini jalb qila oldi? Uning kanallari va akkauntlari turli “hazillar” bilan to‘la. U yolg‘iz yuradigan o‘tkinchilarni kuzatib yuradi, ularni kamsitib, janjal chiqarishga harakat qiladi. Bu kabi boshqa videoroliklarda bo‘lganidek, qurbonlarning ushbu holatdan qattiq ta’sirlanishi yaqqol ko‘zga tashlanadi. Kutilmagan yashirin ig‘vo vaziyatida odamlar nima qilishini bilmay qotib qolishdan ham ko‘ra ko‘proq, sarosimaga tushadi, hatto qo‘rqib ketadi. Blogerning “ov”iga jasur yoki agressiv qurbon tushib qolgudek bo‘lsa, kadrda Subxan Mamedovning yonini oladigan “g‘amxo‘r o‘tkinchilar” paydo bo‘ladi. Bu prankerlar tomonidan emas, professional operatorlar tomonidan o‘ylab topilgan tipik televizion hiyladir.
Hozirgi kunda o‘tkinchi fuqarolarni kamsitish yoki do‘pposlash bilan bog‘liq deyarli barcha pranklar shu tarzda suratga olinmoqda. Bir guruh yigitlar jabrlanuvchi o‘tkinchiga tajovvuz qiladi, kadrda esa, faqat bitta bloger ko‘rinadi. Jabrlanuvchi insonga kerakli darajada ta’sir o‘tkazish uchun suratga olish jarayonida turli xil yondashuvlar talab etiladi. Bunday videolarni suratga olish shartlari va uning axloqiy mazmunini o‘smirlarga tushuntirib bo‘lmaydi, shu bois bu blogerning kuzatuvchilari soni tobora oshib bormoqda. U hozirda MDH ning barcha mamlakatlarida istiqomat qilayotgan millionlab yoshlar uchun u qahramon va namunali insonga aylangan. Ayni damda u bu janrning eng mashhur vakili ham emas. Bundaylar internet tarmog‘ida ko‘plab topiladi.
Ba’zan zo‘ravonlikni targ‘ib qiluvchi blogerlar hatti-harakatlariga munosib javob oladi. Shunga misol bo‘la oladigan so‘nggi yillardagi eng mashhur voqea Mellstroy (Mellstroy) nomi bilan tanilgan belorrusiyalik bloger Andrey Burim nomni bilan bog‘liq. U o‘zining YouTube kanalida badaxloqlar to‘dasini to‘plagan. Uning atrofida har qanday jinnilikka tayyor eng odobsiz, biroq internet tarmog‘ida mashhur bo‘lgan nosog‘lom, badxulq friklar yig‘ilgan. U ichkibozliklar, janjallar uyushtirgan, bunday yig‘inlarga taklif etilgan mehmonlar, hatto do‘stlarini ham masxara qilgan, hatto kaltaklagan. Mellstroy o‘z shousida qatnashishi uchun mashhur blogerlarga millionlab rubl pul to‘lagan. Uning hashamatli hayoti 2020 yilda tomoshaga chaqirilgan qizning yuzini stol ustiga urishi bilan tugaydi. Shu voqeadan so‘ng barcha reklama beruvchilar u bilan hamkorlik qilishni to‘xtatadi. Unga nisbatan jinoiy ishlar qo‘zg‘atiladi va u YouTube kanalida video joylash huquqidan butun umrga mahrum qilinadi. Endi u qanday kanal yaratmasin, hammasi YouTube ma’muriyati tomonidan shu zahotiyoq o‘chirib tashlanadi. Mish-mishlarga qaraganda, hozirgi kunda bu bloger butunlay xonavayron bo‘lgan.
Xo‘sh, nega unda bundaylarning ko‘pchiligi jazoga tortilmaydi?
Javobi oddiy. Pul uchun! Undaylarning tanish-bilishlari va puli ko‘p. Ana o‘shalardan biri Edvard Bil ham aslida bir necha marta qamoqqa olinishi kerak edi.
Jazolanmaslik esa taqlid qiluvchilarning paydo bo‘lishiga sabab bo‘ladi. Internet olamiga endi kirib kelayotgan minglab yangi blogerlar bu kabilarning yo‘lini tutmoqda.
Yaqindagina Samarqand shahrida uyali telefon kamerasi orqali suratga olingan videorolik ijtimoiy tarmoqlarda keng tarqaldi. Unda o‘smir yigit o‘tkinchi keksa kishini boshiga tepib, qochib ketishi aks etgan. Samarqand viloyati Ichki ishlar boshqarmasi mazkur holat bilan qiziqdi. Huquqni muhofaza qilish xodimlari video qatnashchilarini tezda topishdi. Aydborlar hatto yashirinishga ham urinishmagan edi. Ma’lum bo‘lishicha, 14-yoshli o‘smir TikTok kanaliga video joylash maqsadida bu ishni qilgan. Yuz berayotgan voqealarni uning do‘sti suratga olib turgan. Huquq-targ‘ibot organi xodimlari “ekstremal” hazilni qadrlamadi. Faqat ularni jazolash masalasi ochiq qolmoqda. Zo‘ravonlikni targ‘ib etayotgan o‘smirlarni qanday jazolash kerak?
Zo‘ravonlik insonda qarama-qarshi his-tuyg‘ularni paydo qiladi. Biz unga qarshi kurashish bilan birga, uning ommalashuviga ham sababchi bo‘lyapmiz. Bu zo‘ravonlikni daromad keltiruvchi biznesga aylantiradigan parazitlarga juda qo‘l kelmoqda. Zo‘ravonlik aks etgan videolar tomosha qilinar ekan, bunday videolar ba’zi haromtovoqlarning daromad manbaiga aylangan holda, suratga olinaveradi. Biz zo‘ravonlikka bo‘lgan talabni jilovlash orqali bu axloqsizlikka qarshi kurashishimiz mumkin.
Roman BONDARCHUK, O‘zA