Internet tarmog‘idagi firibgarliklar yangilik bo‘lmay qoldi. Turli qiyofa va har xil usullarda odamlarga moddiy va ma’naviy zarba berilmoqda. Ular turlicha aldov yo‘llari bilan zamonaviy texnologiyalar imkoniyatlaridan keng foydalanmoqda. Jumladan, fishing (qalbaki sayt/xat), vishing (telefon qo‘ng‘irog‘i), soxta takliflar (daromadli ish, yutuq), shuningdek ijtimoiy tarmoqlar va messenjerlar orqali aldov bilan shaxsga tegishli ma’lumotlar qo‘lga kiritiladi.
Fishing: bank, ijtimoiy tarmoq nomidan soxta xat/sayt murojaat qilib login/parol, qandaydir kodni tasdiqlash so‘raladi (talab ham qiladi).
Vishing: bunda plastik karta raqamini yoki kodni olish uchun firibgar o‘zini bank yoki davlat organi xodimi sifatida tanishtiradi. Bunga ishonib chuv tushib qolganlar oz emas.
Feyk e’lonlar: Aslida yo‘q tovarlar juda past narxda taklif qilinadi. Pul o‘tkaziladi, tovar esa olinmaydi. Firibgarlar pulni olishini bilan tarmoqdagi barcha yozuvlarni o‘chirib yuboradi. Xullas, hozir kunda bu kabi firibgarlik ko‘rinishlari avj olgan.
Shu bois, kiberxavfsizlik asoslaridan xabardor bo‘lgan yaxshi. Aloqa vositasidan foydalanuvchi har bir kishi elektron xabarlarni yaxshi anglagan, tahlil qilgan holda kuzatib borishi talab etiladi. Turli xat, yozishmalardagi havolalarga juda ehtiyot bilan yondashish, tushunmagan taqdirda umuman tegmagan ma’qul.
Eng asosiysi, begona raqamlardan kelgan xabar va qo‘ng‘iroqlarga ishonmang. Bank kartangiz haqida hech kimga ma’lumot bermang. Internetda notanish odamlarga ishonch bildirmang. Onlayn savdo jarayonida notanish shaxslarga oldindan to‘lov sifatida pul o‘tkazmang. O‘rnatgan parollaringiz murakkab bo‘lsin. Albatta, shaxsiy telegram akkauntlaringizga ikki bosqichli parollarni o‘rnating.
T.Hakimov,
Yunusobod tumani IIO FMB ATSJOOB XPB
boshlig‘i, podpolkovnik.