Huquqiy munosabat
Prezidentimizning “Respublika mahallalarida xavfsiz muhitni yaratish yo‘nalishida yaxlit manzilli ishlash tizimini joriy etishga qaratilgan qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarorida mahallalarda xavfsiz muhitni ta’minlash masalasiga zamonaviy raqamli texnologiyalarni keng joriy etish orqali yondashish alohida ustuvor yo‘nalish sifatida belgilandi. Bu qaror jinoyatchilikning bugungi kundagi shakllari tobora murakkablashib, an’anaviy hududiy chegaralardan chiqib, raqamli makonga ko‘chayotganini inobatga olgan holda qabul qilingan.
Toshkent davlat yuridik universiteti Huquqni sohalararo o‘rganish fakulteti Tadqiqot markazining Huquq va raqamli texnologiyalar tadqiqot bo‘limi kichik ilmiy xodimi Javoxir Eshonqulov mazkur qaror bilan jinoyatchilikka qarshi kurashish yo‘nalishlari xususida tushuncha berdi.
– Qarorda elektron monitoring va tahliliy axborot tizimlaridan foydalanish jinoyatlarni faqat qayd etish uchun emas, balki ularni oldindan prognoz qilish va oldini olish vositasi sifatida ko‘riladi. Bu yondashuv jinoyatchilikka qarshi kurashda mutlaqo yangi bosqichni boshlab beradi.
Raqamli texnologiyalar yordamida mahallalardagi kriminogen vaziyat real vaqt rejimida tahlil qilinadi, muammoli hududlar aniqlanadi va manzilli choralar belgilanadi. Masalan, muayyan hududda internet firibgarligi, telefon orqali aldash yoki shaxsiy ma’lumotlardan noqonuniy foydalanish bilan bog‘liq murojaatlar ko‘paygan bo‘lsa, bu hududda raqamli profilaktika choralari kuchaytirilishi zarurligini ko‘rsatadi.
Qarorning muhim jihati shundaki, raqamli texnologiyalarni qo‘llash faqat texnik masala sifatida emas, balki huquqiy va ijtimoiy mexanizm sifatida ko‘riladi. Ya’ni axborot tizimlari orqali olingan ma’lumotlar asosida mas’ul rahbarlar, profilaktika inspektorlari va boshqa mutasaddi organlar aniq vazifalar bilan ta’minlanadi.
Bugungi kunda kiberjinoyatchilik ko‘plab fuqarolar tomonidan hali yetarlicha anglab yetilmagan xavf hisoblanadi. Ko‘pchilik internet orqali sodir etilayotgan jinoyatlarni haqiqiy jinoyat sifatida qabul qilmaydi. Qaror esa raqamli muhitda sodir etilayotgan huquqbuzarliklar ham real ijtimoiy va moddiy zarar yetkazishini aniq ko‘rsatib berdi.
Shuningdek, qarorda elektron nazorat tizimlari orqali soxta hisobotlar, rasmiy statistikani sun’iy ravishda yaxshilash kabi holatlarga barham berish maqsad qilingan. Bu esa jinoyatchilik, jumladan kiberjinoyatchilik holatini real raqamlar asosida baholash imkonini yaratadi.
Xulosa qilib aytganda, Qarorda belgilangan raqamli texnologiyalar va elektron nazorat tizimlari faqat qulaylik emas, balki jinoyatchilikka qarshi kurashning zamonaviy, samarali va barqaror vositasidir. Ushbu yondashuv mahallalarda nafaqat jismoniy, balki raqamli xavfsizlikni ham ta’minlashga xizmat qiladi.
Gulnoza Boboyeva, O‘zA