Bosh prokuratura huzuridagi Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamentining Buxoro viloyat boshqarmasi xodimlari tomonidan navbatdagi tezkor-qidiruv tadbiri o‘tkazildi.
Tergovga qadar tekshiruv jarayonida aniqlanishicha, qoidabuzarlar “Telegram” messenjeri orqali maxsus kanal-bot tashkil etib, fuqarolar bilan yashirin tarzda aloqa o‘rnatgan holda giyohvandlik moddalarini tarqatish bilan shug‘ullangan. Xususan, ular fuqarolardan biriga tarkibida giyohvandlik moddasi bo‘lgan 0,97 gramm “gashish” vositasini 810 ming so‘m evaziga sotishga kelishgan.
Giyohvandlik vositasi Kogon tumanida joylashgan “Suxor” mahalla fuqarolar yig‘ini hududidan oqib o‘tuvchi kanal qirg‘og‘idagi beton inshoot orasiga yashirib qo‘yilgan holda xaridorga yetkazib berish uchun tayyorlab qo‘yilgani ma’lum bo‘ldi. Tezkor tadbir natijasida mazkur modda daliliy ashyo sifatida olib qo‘yildi hamda gumonlanuvchi shaxslar qo‘lga olindi.
Mazkur holat yuzasidan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 273-moddasiga muvofiq jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, hozir barcha holatlarni to‘liq va xolisona o‘rganishga qaratilgan tergov harakatlari olib borilmoqda.
Zarif Komilov, O‘zA muxbiri