Hozirgi kunda internet, ijtimoiy tarmoqlar va mobil ilovalar orqali muhtoj insonlarga yordam ko‘rsatish ancha ommalashgan. Ayniqsa, turmush sharoiti og‘ir bo‘lgan, og‘ir kasallikka chalingan yoki yolg‘iz qolgan insonlar haqida videolar va postlar ijtimoiy tarmoqlarda tezda tarqalmoqda. Bunday holatlarda yuragida rahm-shafqati bor har qanday odam, albatta, yordam qo‘lini cho‘zgisi keladi.
Lekin, afsuski, savob ishlar bilan bir qatorda firibgarlik holatlari ham ko‘paymoqda. Yolg‘on videolar, soxta yetimlar va yolg‘on muhtojlar... Savob ishni niqob qilib, insonlarning ishonchini suiiste’mol qilayotgan kimsalar borligi achinarli haqiqat.
Internet orqali yordam bu katta imkoniyat. Uzoqda yashaydigan qarindoshingiz yoki notanish muhtojga tez yordam yetkazishingiz mumkin. Bank kartasi, to‘lov qilish uchun turli ilovalardan bir necha soniyalarda mablag‘ yetkazish mumkin. Shu qulayliklar paydo bo‘lgani, albatta yordam imkoniyatlarini kengroq ochib beradi. Odamlar ijtimoiy tarmoqlarda o‘z tanishlarini jalb etib, ko‘proq yordam yig‘a olishadi. Ammo bu imkoniyatlar bilan birga nazorat yo‘qligi ham mavjud. Kim pul yubordi, kim olganini aniqlash qiyin, ayniqsa bu shaxsiy karta raqamlar orqali amalga oshirilsa.

Aynan shu vaziyatda yaxshi niyatli odamlarni aldab, muhtoj insonlar nomidan pul yig‘ish holatlari ham ko‘paymoqda. Misol uchun, yolg‘on videolar, firibgar blogerlar, bir necha marta ishlatilgan “yordam hikoyalari” yurtdoshlarimizni ishonchsizlikka, savob qilishdan cho‘chishiga olib kelmoqda.
Muammo faqat firibgarlarda emas, biz oddiy fuqarolar, ko‘zimizga yosh kelganda darhol pul yuborib, so‘ngra “firibgarlar ko‘payib ketdi” deyishimiz-da ham… Shu kabi vaziyatlarning oldini olish uchun avvalo, har bir fuqaro ehtiyot choralarini bilishi va amal qilishi kerak. Aniqlik kiritilmagan videolarga ishonmaslik va shu kabi holatlarda “Bu qayer”, “Ismi-sharifi haqiqiymi?”, “Yashayotgan mahallasi tasdiqlaganmi?” kabi savollarni berib ko‘rish darkor. Qolaversa, rasmiy jamg‘armalar, xayriya fondlari orqali yordam yuborish shaffoflikni ta’minlaydi. Fondlar yordamni kimga, qancha berilganini rasmiy hujjatlar orqali namoyish etadi.
To‘g‘ri, biz har bir holatni tekshira olmaymiz. Lekin shunchaki ko‘z yumib ketish ham noto‘g‘ri. To‘g‘ridan-to‘g‘ri kartalar aylanmasi orqali pul o‘tkazishdan avval keraklicha tekshirish darkor. Ehson qilayotgan yordamimiz ko‘p yoki kamligidan qat’iy nazar haqiqiy muhtoj insonlarga yetib borishi kerak. Ushbu vaziyatda hissiyotga emas, aqlga asoslanish darkor. Muhtoj insonning ko‘z yoshi, dardli hikoyasi, bolalarining holati yurakni o‘rtasa-da, qaror chiqarishda aqlni ishlatish kerak.
Haqiqiy muhtojlar ko‘p. Ular bizning yordamimizga chindan muhtoj. Shunday ekan, har birimiz oqilona, ehtiyotkor va mas’uliyat bilan yondashsak, chin muhtojlarga yordam berib, firibgarlarni fosh qilishimiz va o‘zimizni ham, boshqalarni ham aldashdan asrashimiz mumkin.
Dildora DO‘SMATOVA
O‘zA