Arabic
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Internet: kim oʻzarga bellashuv?
13:03 / 2019-08-24


Yoxud ijtimoiy tarmoqlardan foydalanishni huquqiy-meʼyoriy tartibga solish kerakmi? (surat tagiga oʻrtaga qoʻying)

Fan-texnika shiddat bilan rivojlanib, tezkor axborot almashinuvi kuchayib borayotgan XX asr insoniyat uchun bir-biridan oʻzib borayotgan imkoniyatlarni taqdim etmoqda. Bu imkonlarni normal qabul qilayotganlar bilan bir qatorda, ular qarshisida dovdirab, oʻzini yoʻqotayotganlar, oʻzligini unutayotganlar kun sayin koʻpayib bormoqda.

Internet shunday maydonki, unda foydalanuvchilarning millati, manzili, yoshi, jinsi, xarakter-xususiyati tanlanmaydi, farqlanmaydi. Maʼlumotlar barchaga birdek taqdim qilinadi. Yer sharining qaysidir burchagida turib, uzoq-uzoq manzilda joylashgan ikkinchi makondan eʼlon qilingan axborotni qabul qilish yoki muloqotga kirishish mumkin. Bu zamonaviy texnologiyaning ilgʻor yutugʻi.

Shu jihatdan internet tarmogʻi maʼlumotlar bazasi, uzoqni yaqin qiluvchi muloqot maydoni sifatida insoniyat uchun, zamon va makon uchun nihoyatda muhim va dolzarb ahamiyatga ega. Bu, ayniqsa, tadqiqotchilar, ilmiy izlanuvchilar, ommaviy axborot vositalari uchun, shuningdek, yaqinlari, vatanidan yiroqdagilar, jismoniy imkoniyati cheklanganlar uchun gʻoyat katta amaliy yordam. Ammo bugun dunyoning qaysi manzilida boʻlmasin, ushbu imkoniyatlardan hoyu havas yoʻlida, gʻarazli maqsadlarda, bilib-bilmay foydalanuvchilar kun sayin koʻpayib borayotganini kuzatish mumkin. Bu esa boʻsh vaqt tugul, asosiy vaqtni ham behudaga sarflab, sekin-sekin oʻzligini yoʻqotib borishga, oʻz-oʻzini barcha yaxshiliklardan mahrum qilishga olib bormoqda. Turli hajmdagi videolavhalarni eʼlon qilib borish mumkin boʻlgan deyarli barcha tarmoqlarda yaxshi, mazmunli, zaruriy manbalardan koʻra rang-barang koʻrinishdagi noxush vaziyatlar, hattoki, uyatli, sharmandali holatlarni namoyish qiluvchi lavhalar soni nihoyatda oshib ketmoqda. Bu, albatta, foydalanuvchilar talabi bilan nihoyatda chambarchas bogʻliq. Har kim oʻz xohish istagi, zaruratiga koʻra ijtimoiy tarmoqqa murojaat qiladi. Kimdir ilmini oshirish istagida maʼlumot oladi, kimdir oʻzgalarga foyda ilinjida zaruriy maʼlumotlarni ulashadi, yana kimlardir tijoratini rivojlantirish umidida foydalanadi, turli sabablar bilan uzoqlashganlar muloqot oʻrnatishadi, kimlardir esa oʻz sharoit, imkoniyatlarini oʻzgalarga koʻz-koʻz qilish, maqtanish, shov-shuv boʻlish ilinjida boʻladi, yana kimlardir esa turli axloqsizliklarini, sharmandaliklarini hech ikkilanmay butun olamga namoyish etadi. Ana shu oxirgi ikki qatlam bugun nihoyatda koʻpayib, nihoyatda haddidan oshib bormoqda.

Oʻz talab va istaklariga chegara qoʻya olmayotgan, oʻzini yoki oʻzgalarning noxush vaziyatlarini namoyish qilib, ovoza boʻlishdan gʻururlanayotganlar soni sanoqsiz. Bu jarayonlarni kuzatar ekansiz, nafaqat milliy manfaatlarimizga, milliy qadriyatlarimizga, umuman insoniylik martabasiga noloyiq holatlar keng ildiz otib borayotganidan beixtiyor yoqa ushlaysiz. Nahotki, mavjudotlar ichra aziz va sharif sanalgan inson shu darajada tubanlashsa... Ongu tafakkuri bilan hayvonotdan farqlangan, qadrlangan odamzot oʻzligini shu darajada unutsa, toptasa, texnik vositalarning kushandasiga, quliga aylanib borsa... Oʻz-oʻzini boshqarmasa, tiyilmasa... Andisha, or-nomus, ibo-hayo degan yuksak insoniy qadriyatlarni shu texnik qurilmalar orqali oyoq-osti qilsa... Eng achinarlisi esa, ularni hech kim yoki hech bir qoida nazoratga olmasa, tiymasa, turtkilamasa, uygʻotmasa...

Inson qayerda va qanday holatda yashamasin, oʻzi tugʻilgan oila orqali jamiyatga mansub, muayyan millatning vakili. Oʻzida ijtimoiylik, onglilik, milliylik mezonlarini saqlab qoladi. Oʻzbek nafaqat Oʻzbekiston, dunyoning har bir burchida, butun yer sharida oʻzbek! Boshqa millatlar ham xuddi shunday. Milliylik inson taqdiriga yaralishi bilan, tugʻilishidanoq bitib qoʻyiladi va uni oʻzidan keyin ham qoldirib ketadi. Inson yaraldimi, muayyan millat vakili, muayyan jamiyat boʻgʻini, muayyan davlat fuqarosi. Unda ijtimoiylik ustuvor, daxldorlik ustun. Shunday ekan, u oʻzi mansub jamiyat va millat talablariga itoat etishi, hisoblashishi, jamiyat va millat manfaatlarini nazarda tutishi, oyoq osti qilmasligi shart! Aks holda u insoniylik chegarasidan chiqqan hisoblanadi. Ijtimoiy tarmoqlarda turli sharmandali holatlarda namoyon boʻlib, achinarli koʻrinishlari bilan ommalashishni, ovoza boʻlishni xush koʻrayotganlar ana shu insoniylik, milliylik mezonlariga bepisand, oʻzligi, “men”ligini yoʻqotib borayotgan ojiz qatlam. Ularni oʻz holiga tashlab qoʻyish, “tekin tomosha”laridan zavqlanish, oʻzgalarga ulashish ham aynan oʻshalar kabi gʻoʻr va nodonlikka ishora.

Xususan, soʻnggi vaqtlarda katta shov-shuvga, bahs-munozaraga sabab boʻlayotgan bozorchi ayollar oʻrtasida sodir boʻlgan keskin tortishuvni eʼtiborga olaylik. Ijtimoiy tarmoqda keng tarqalgan ushbu videolavhada bozorchi ayolning joy talashib, yuzsizlarcha baqir-chaqir qilishi, hech kimdan, hech bir davlat organidan qoʻrqmasligini koʻrsatib, manmansirab hayqirishi, boʻralatib soʻkishi, yana kamiga bahslashayotgan ayolga changallab yopishishi nihoyatda tuban va jirkanch lavha. Ayollik shaʼniga nomunosib, millat manfaatiga zid harakat. Shunday shiddatli vaziyatda esa yon-atrofdagilar faqatgina tomoshabin. Hech kim ayolga qattiqroq tanbeh bermaydi, oddiy kuzatuvchi, baʼzilar shunchaki bosh chayqab oʻtib ketishadi. Fursatdan foydalangan abjirlar ushbu lavhani “erinmay”, bamaylixotir videoga olishgan. Janjalkash ayol esa bu vaziyatda oʻzini qahramon hisoblab, yanada quyushqondan chiqib ketgan.

Sherigini ustiga vahshiylarcha tashlangan. Bu hodisaga qanday izoh berish mumkin? Bunchalik ochkoʻzlik, xudbinlik, yuzsizlikning boisi nima? Oʻzligini koʻrsatishmi? Ibrat boʻlishmi? Qoʻrqitishmi? Ayni damda videosuratga olinayotganligini bilib turib, ommalashish, ovoza boʻlish vahimasi? Oʻzbekona andisha, oqibat, himmat, bagʻrikenglik, hamjihatlik qani? Ayol zotiga xos latofat, malohat, hayo-ibo, uyat qayerda qoldi? Maqsad uchun, manfaat uchun shu qadar tubanlashish shartmi? Nahotki, atrofdagi tomoshabinlarda shu ayolni tiyib qoʻygani jasorat topilmasa? Gʻurur topilmasa? Xullas, bunday vaziyatlar juda ayanchli va achinarli, millat, jamiyatga nisbatan ogʻir haqorat. Kimlar uchundir juda qiziq oddiy tomosha boʻlishiga qaramay, ushbu lavha koʻpchilikda gʻazab va nafrat uygʻotadi, millatsevarlik, insoniylik tuygʻularini larzaga soladi. Vaholanki, ijtimoiy sahifalarda bunday bir-biridan sharmandali, bir-biridan hayratli, bir-biridan bemaʼni lavhalarni koʻplab uchratish mumkin.

Azaldan oʻzbek xalqida soʻzlashish, muloqot, muomala madaniyatiga katta eʼtibor berib kelingan. Ovozini balandlatishda ehtiyotkor, andishali boʻlish, qoʻshni-qoʻshni, yon-atrofdagilarga shovqin-suron, janjallar bilan xalaqit bermaslik, barchaga birdek hurmat-izzat koʻrsatish, jamoat joyida oʻzini tuta bilish talab qilingan. Ammo, bizning nazarimizda, ushbu insoniylik mezonlari bugungi kunda asta-sekinlik bilan xiralashib bormoqda.

Ijtimoiy tarmoq sahifalaridan qanday maqsadlarda foydalanish, muloqot jarayonida fikrlarni bayon qilish, soʻz qoʻllash jihatlariga qarab insonning ruhiy-maʼnaviy qiyofasiga baho berish mumkin. Barcha sahifalarda ham turli foydalanuvchilar tomonidan fikr uzatish, fikr almashish, munosabat bildirish, maʼlumot eʼlon qilish jarayonlarida nihoyatda masʼuliyatsizlik bilan, boshqalar eʼtiborini nazarga ilmay yondashish, oʻrinsiz taʼna-dashnomlar bildirish, turli sohalardagi rahbar xodimlarga nisbatan boʻlar-boʻlmas tanqidiy munosabatlar bilan oʻquvchilarini koʻpaytirishga urinish holatlari kuzatiladi.

Shuningdek, ijtimoiy sahifalar orqali turli maʼlumotlarni (ovqatlanish, uxlash, yuvinish, kulish, yigʻlash, janjallashish), ijtimoiy sharoitini (uy-joy, kiyim-kechak, narsa-buyum) va yaqin oilasi, qarindosh-urugʻ, tanish-bilishlarini muntazam namoyish qilib borish ham urfga aylanib ulgurgan. Ayniqsa, el nazdidagi sanʼatkorlar orasida bu yanayam ommalashgan. Ushbu namoyishlar orqali tomoshabinlar eʼtiborida boʻlish muhimmi yoki sahifa obunachilari koʻrishi bilan toʻplanadigan “layk”lar soni muhimmi? Bu ham oʻziga xos javoblar talab qiladi.

Internet tarmogʻida fotosurat yoki videolavha joylash, fikr-munosabat bildirish uchun yaratilgan sharoitlar sahifa yaratuvchilarining aql-zakovati mahsuli boʻlsa ham, ularning moddiy manfaatlarini nazarda tutsa ham foydalanuvchi, obunachilarda, albatta, axborotlar bilan ishlash kompetensiyasi (media mahsulotlarni, video, audio maʼlumotlarni, asarlarni saralash, tanlash, farqlash, tahlil qilish, qabul qilish, yetqazish) shakllangan boʻlishi zarur. Binobarin, yuqoridagi kabi salbiy holatlar, aks taʼsirlarni koʻplab kuzatishimiz, insoniy, milliy taraqqiyot gʻildiragini izdan chiqarishimizmumkin.

Ushbu jarayonlarning barchasi bizdan quyidagi masalalarni tezkorlik bilan hal etishni talab qiladi:

- ijtimoiy tarmoqlardan foydalanishni huquqiy-meʼyoriy tartibga solish;

- taʼlim bosqichlaridagi maʼnaviy tarbiya soatlarida “Uyali telefon va ijtimoiy tarmoqlardan foydalanish madaniyati” maxsus kurslarini yoʻlga qoʻyish;

- aholi va yoshlarning kommunikativ va axborotlar bilan ishlash kompetensiyasini rivojlantirishga qaratilgan tizimli ishlar olib borish.

- oila, taʼlim muassasalari, mahallalar, jamoat tashkilotlari, korxona va muassasalarda maʼnaviy-maʼrifiy tarbiya ishlari toʻgʻri va maqsadli tashkil etish hamda kuchaytirish.

Darhaqiqat, biz oʻzining uzoq tarixiy ildizlariga, boy maʼnaviy-madaniy meroslariga, milliy negizlari, qadriyatlariga ega xalqmiz, buyuk millatmiz! Ana shu milliyligimizni saqlash, maʼnaviyat mezonlariga, maʼrifat manzillariga tayanish, ruhiy kamolotga intilish har birimizning insoniylik burchimiz, oʻzligimiz va millatimiz, ona Vatanimizga sadoqatimizdir!

Feruza AZIMOVA,
Respublika Maʼnaviyat va maʼrifat
markazi boʻlim boshligʻi.