Bugun hayotimizni internetsiz tasavvur qila olmaymiz.
Global tarmoq ayniqsa, yoshlarimizning hayotida muhim omilga aylanib ulgurdi. To‘g‘ri, ijtimoiy tarmoqdan foydalanish qiziqarli, foydali, biroq ayni damda, xavfli ekanligini ham unutmasligimiz kerak.
Shunga ko‘ra, poytaxtimizda “Umumiy o‘rta ta’lim maktablari o‘quvchilari o‘rtasida internetdan to‘g‘ri foydalanish va kiberxavfsizlikni ta’minlash” mavzuida onlayn muloqot bo‘lib o‘tdi.

O‘zbekiston Respublikasi Xalq ta’limi, Ichki ishlar, Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirliklari, Yoshlar ishlari agentligi, O‘quvchilarni kasb-hunarga yo‘naltirish va psixologik – pedagogik respublika tashxis markazi hamkorligida tashkil etilgan muloqotda “Zoom” platformasi orqali umumta’lim maktablarining ma’naviy-ma’rifiy ishlar bo‘yicha direktor o‘rinbosarlari, psixolog, olim, yoshlar yetakchilari, informatika fani o‘qituvchilari va mazkur sohaga qiziquvchi 1000 dan ortiq yoshlar ishtirok etdi.
Tadbir davomida “Yoshlarning sog‘lig‘iga zarar yetkazuvchi kiberxavfning oldini olish masalalari” va “Dunyo bo‘ylab virtual olamda avj olib borayotgan kiberjinoyatchilik turlari va uning salbiy oqibatlari” xususida ma’ruzalar qilindi. Hozirgi kunda dolzarb bo‘lgan mavzulardan biri, jumladan, salbiy oqibatlarni keltirib chiqaruvchi onlayn o‘yinlar haqida so‘z yuritildi.

Qayd etilganidek, har bir shaxs internetdan foydalanar ekan, onlayn xavfsizligini ta’minlovchi usul va vositalarni bilishi lozim. Shundagina o‘zi va shaxsiy ma’lumotlarining xavfsiz bo‘lishiga erishishi mumkin.
Shuningdek, tadbirda “Yoshlar kecha va bugun: Yoshlar o‘rtasida internet qaramligini oldini olish bo‘yicha tavsiyalar” mavzuidagi onlayn taqdimotlar o‘tkazildi.
"Zoom" platformasi orqali kelib tushgan savol va takliflarga atroflicha javob berildi.
Gulnoza Boboyeva, O‘zA