Internet firibgarlari tomonidan fuqarolarning bank plastik kartalaridagi pul mablag‘larini turli xil noqonuniy usullar yordamida talon-toroj qilish holatlari kuzatilmoqda.
Xususan, Ichki ishlar vazirligi Kiberxavfsizlik markazi tomonidan o‘tkazilgan o‘rganishlar davomida O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligi hamda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining rasmiy veb-saytlariga o‘xshash bo‘lgan soxta veb-resurslar orqali jinoyatchilar axborot texnologiyalari imkoniyatlaridan foydalangan holda fuqarolardan bank plastik karta ma’lumotlarni taqdim etilishiga erishib, undagi mablag‘larni o‘zlashtirib kelayotganligi aniqlandi.
Xususan, Telegram ijtimoiy tarmog‘idagi bir qator guruh va kanallarda O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligi nomidan COVID-19 virusiga qarshi vaksinatsiyadan o‘tgan fuqarolar bir marotabalik 750 ming so‘m pul mablag‘larini berishga oid “feyk” habar tarqatilib, ushbu habar ostiga biriktirilgan havolaga kirilganida, 750 ming so‘mni olish ilinjida bo‘lgan foydalanuvchilardan bank plastik karta rekvizitlari hamda SMS-xabarnomada ko‘rsatilgan maxfiy kod-raqam so‘ralayotganligi ma’lum bo‘ldi.
Shuningdek, ijtimoiy tarmoqlarda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti nomidan ijtimoiy va demografik holatni yaxshilash uchun farzandi bor oilalarga bir marotabalik 650 ming so‘m pul mablag‘larini moddiy yordam sifatida berishga oid qonun kuchga kirganligi to‘g‘risidagi “feyk” xabar tarqatilganligi, xabar ostidagi havolaga kirilganda, 650 ming so‘m olishga erishish uchun foydalanuvchidan o‘z bank plastik karta raqamlarini hamda SMS-xabarnomada ko‘rsatilgan maxfiy kod so‘raladi va “ehtiyojmand mijoz” ushbu ma’lumotlarni kiritgach, plastik kartasidagi mavjud pul mablag‘laridan mahrum bo‘lishi aniqlandi.
Tezkor tadbirlar natijasida, “feyk” xabar ta’siriga tushgan 1 nafar fuqaroning 7,5 million so‘m pul mablag‘lari Toshkent shahrida yashovchi 2000 y.t. Rustamov Islom (ismlari o‘zgartirilgan) tomonidan firibgarlik yo‘li bilan o‘zlashtirilganligi aniqlanib, holat yuzasidan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining tegishli moddasi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi.
Yuqoridagilardan kelib chiqib, barcha internet foydalanuvchilarini mazkur “feyk” veb-resurslarning noqonuniy faoliyati to‘g‘risida ogox bo‘lishlari, to‘lov tizimlaridan foydalanayotganlarida esa, ularning rasmiy veb-saytlarida taqdim etilgan xizmatlarga murojaat etishlari so‘raladi.
O‘zA