Internet cheklanadi
Singapur hukumati fikr erkinligini himoya qilish va soxta axborotlar tarqalishining oldini olish maqsadida internet foydaluvchilari uchun cheklov joriy qiladi.
Singapur hukumati fikr erkinligini himoya qilish va soxta axborotlar tarqalishining oldini olish maqsadida internet foydaluvchilari uchun cheklov joriy qiladi.
TASSning yozishicha, bugun Singapur bosh vaziri Li Syan Lun mahalliy OAVda e’lon qilingan intervyusida bu haqda ma’lum qilgan.
Qayd etilishicha, mazkur intervyu mamlakat parlamenti “Internetda soxta axborotlar tarqalishi va ularning manipulyatsiyasidan himoya qilish to‘g‘risida”gi qonun loyihasini ko‘rib chiqishi oldidan chiqqan.
Li Syan Lunning ta’kidlashicha, so‘z erkinligi mutlaq nazorat qilinmaydigan jamiyatning o‘zi yo‘q, hatto AQSh, Yevropa, jumladan Germaniyada ham soxta axborotlar tarqalishiga qarshi kurash olib borilmoqda.
Singapur bosh vazirining qo‘shimcha qilishicha, yaqinda o‘tkazilgan ijtimoiy so‘rovnomada 80 foiz aholi soxta axborotni farqlay olishini bildirgan. Lekin, o‘tkazilgan tajribada ularning faqat 10 foizigina bu ishning uddasidan chiqa olgan.
Ma’lumot o‘rnida, Singapur hukumati 1 apreldan soxta axborot tarqatganlik uchun yirik miqdorda (1 million Singapur dollari yoki 738 ming AQSh dollari) jarima belgilanishi nazarda tutilgan qonun loyihasini parlamentga kiritgan edi. “Human Rights Watch” tashkiloti ushbu qonun loyihasini bekor qilishga chaqirmoqda. Facebook rahbariyati ham bu borada o‘z xavotirini bildirgan.