International House – Tashkent akademik litseyida «Smart Class» o‘quv sinfi ochildi
Toshkent irrigatsiya va qishloq xo‘jaligini mexanizatsiyalash muhandislari instituti huzuridagi "International House – Tashkent" akademik litseyida qator novatorlik texnik ishlanmalarni o‘z ichiga olgan «Smart Class» o‘quv sinfi ochildi.
Toshkent irrigatsiya va qishloq xo‘jaligini mexanizatsiyalash muhandislari instituti huzuridagi "International House – Tashkent" akademik litseyida qator novatorlik texnik ishlanmalarni o‘z ichiga olgan «Smart Class» o‘quv sinfi ochildi.Zamonaviy sinfning ochilish marosimida O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim, Xalq ta’limi, Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirliklari, «Huawei» kompaniyasi vakillari, axborot texnologiyalari sohasi mutaxassislari, kasb-hunar kollejlari hamda akademik litseylar o‘qituvchi va o‘quvchilari ishtirok etdi.
O‘zbekiston axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vaziri vazifasini bajaruvchi Sh.Shermatov, oliy va o‘rta maxsus ta’lim vaziri I.Majidov, xalq ta’limi vaziri o‘rinbosari A.Sa’dullayev, "International House – Tashkent" akademik litseyi direktori A.Tillayev va boshqalar mamlakatimizda dunyo axborot-ta’lim makoniga integratsiyalashgan, zamonaviy texnik imkoniyatlardan samarali foydalanishga yo‘naltirilgan zamonaviy ta’lim tizimi shakllantirilayotganini ta’kidladi.
«Smart Class»da qo‘llanilayotgan texnologiyalar o‘qituvchiga o‘quvchilar bilan interaktiv usulda bog‘lanish, ularga umumiy va individual vazifalar berish imkonini taqdim etadi. Yangi «aqlli sinf» o‘quvchilarning qobiliyatlari va ijodiy salohiyatini to‘liq ro‘yobga chiqarishga xizmat qiladi. Pedagog o‘quvchilar tomonidan topshiriqlar qanday bajarilayotganini real vaqt tartibida bevosita kuzatib borishi mumkin.
Sinf litsey o‘qituvchi va o‘quvchilariga xorijlik mutaxassislar bilan masofaviy tarzda tajriba almashish imkonini beruvchi videokonferensiya tizimi bilan jihozlangan.
Shuningdek, mashg‘ulotlar jarayonida o‘quvchilarga barcha zarur ilovalar o‘rnatilgan planshetlar taqdim etish rejalashtirilmoqda.