French
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Internat muassasalaridagi sharoitlar o‘rganiladi
09:59 / 2021-09-13

Toshkent viloyati kasaba uyushmalari tashkilotlari birlashmasida “Toshkent viloyatidagi internat muassasalarida yashovchi bolalar to‘g‘risida ma’lumotlarni xaritalash va yig‘ish” mavzusida tadqiqot o‘tkazish bo‘yicha texnik ishchi guruhning (TIG) yig‘ilishi o‘tkazildi.

Unda Toshkent viloyati hokimi Davron Hidoyatov, Oliy Majlis Senatining yoshlar, madaniyat va sport masalalari qo‘mitasi raisi o‘rinbosari Dilorom Toshmuhammedova, Birlashgan Millatlar Tashkilotining YUNISEF Bolalar jamg‘armasi boshlig‘ining o‘rinbosari Djoffri Ijumba, Bola huquqlari bo‘yicha vakil Aliya Yunusova hamda soha mas’ullari ishtirok etdi.

Ta’kidlanganidek, bola huquqlari, ijtimoiy himoyasini ta’minlash bo‘yicha qabul qilingan qonun va qonunosti hujjatlar ijrosini ta’minlash borasida Toshkent viloyatida tizimli ishlar olib borilmoqda. Xususan,  viloyatdagi 2 ta Mehribonlik uyida jami 189 nafar bola tarbiyalanmoqda.

Mazkur muassasalarda tarbiyalanayotgan bolalarning bo‘sh vaqtini mazmunli tashkil etish, ularning ta’lim olishlari, san’at, sport, axborot texnologiyalari, kitobxonlikka bo‘lgan qiziqishlarini qo‘llab-quvvatlash maqsadida Bo‘ka tumani va Chirchiq shahridagi mehribonlik uylarida “Street workout” maydonchasi, Chirchiq shahridagi mehribonlik uyida 1 ta “Streetbol”, golf, 1 ta sun’iy qoplamali minifutbol maydonchasi barpo etilgan.

IT (axborot texnologiyalari) yo‘nalishida joriy yilning birinchi yarim yilligida mehribonlik uylariga 125 million so‘mlik kompyuter jamlanmalari ajratilgan. Kitobxonlik yo‘nalishida yil boshidan hozirga qadar Mehribonlik uylariga 67 million so‘mlik 2 ming donadan ortiq badiiy adabiyotlar yetkazib berilgan. Shu bilan birga, kitobxonlik yo‘nalishida 10 dan ortiq to‘garaklar tashkil etilgan. Amalga oshirilgan ishlar natijasida so‘nggi 3 yil davomida yetim bolalar va ota-ona qaramog‘idan mahrum bo‘lgan bolalarning 7 nafari xalqaro sport musobaqalarda, 13 nafari respublika musobaqalarida g‘olib bo‘ldi.

Zoom platformasi asosida tashkil etilgan yig‘ilishda O‘zbekistonda bolalarni parvarish qilish tizimini isloh qilish yo‘llari, har bir bolaning oilaviy muhitda o‘sishini ta’minlashning ahamiyati to‘g‘risida taqdimotlar namoyish etildi.  

Ishtirokchilar tomonidan berilgan savollarga xalqaro tashkilot vakillari hamda soha mas’ullari tomonidan javob berildi.

A.Musayev, O‘zA