Gulistondagi Olimpiya va Paralimpiya sport turlariga tayyorlash markazida O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2025 yil 4 martdagi topshirig‘iga asosan, O‘zbekiston Milliy Antidoping agentligi, Sport vazirligi hamda Milliy Olimpiya va Paralimpiya qo‘mitalari hamkorligida ishlab chiqilgan chora-tadbirlarning ijrosini ta’minlash maqsadida Sirdaryo viloyatidagi ixtisoslashtirilgan sport maktablari va sport ta’lim muassasalari faoliyatida ishtirok etuvchi murabbiylar, tibbiyot xodimlari hamda mas’ul xodimlar uchun “Dopingga qarshi kurashish” mavzusida 24 soatlik malaka oshirish kursi tashkil etildi.
Tadbir sport mutaxassislarining bilimini yangilash, xalqaro antidoping standartlarini hududlarda keng joriy etish hamda sportda halollik va shaffof raqobatni mustahkamlash maqsadida o‘tkazildi.

Kurs davomida butunjahon antidoping Kodeksi talablari, doping nazorati jarayonlari, taqiqlangan moddalar ro‘yxati, Atlet Biologik Pasport (ABP) tizimi va profilaktika choralari bo‘yicha mufassal ma’lumotlar berildi.
Ishtirokchilarga zamonaviy o‘quv materiallari, metodik qo‘llanmalar hamda amaliy topshiriqlar taqdim etilib, interaktiv usullar orqali o‘z bilimlarini amalda qo‘llash imkoni yaratildi.

Eng muhimi, o‘quv kursi yakunida ishtirokchilarga O‘zbekiston Milliy antidoping agentligining maxsus sertifikatlari topshirildi.
Bunga o‘xshash tadbirlar nafaqat mutaxassislarning malakasini oshirishga, balki hududlarda sportda halollikni targ‘ib qilish, sog‘lom raqobatni rivojlantirish va sportchilarning sog‘lig‘ini ishonchli himoya qilishga ham yordam beradi.

Ishtirokchilar kursda olingan bilimlarni mahalliy sport maktablari va klublarda amaliyotda qo‘llashga tayyor ekanliklarini bildirishdi.
G‘ulom Primov, O‘zA