Andijon viloyatida faoliyat olib borayotgan 514 ta fermer xo‘jaligi, agrofirma va boshqa xo‘jalik sub’ektlariga qarashli 5 ming 603 gektar maydondagi suv havzalarida baliq parvarishlanmoqda.
Yurtimizda aholining baliq mahsulotiga bo‘lgan ehtiyojini qondirish, tarmoqda yangi texnologiyalarni joriy etish, mazkur sohada faoliyat yuritayotgan xo‘jaliklar moddiy-texnik bazasini mustahkamlash borasida keng ko‘lamli ishlar olib borilmoqda.
Andijon viloyatida ham baliqchilik yo‘nalishida faoliyat olib borayotgan xo‘jaliklar har jihatdan qo‘llab-quvvatlanmoqda.
Keyingi yillarda viloyatda, ayniqsa, intensiv va yarim intensiv usulda baliq yetishtirishga alohida e’tibor qaratilmoqda. Bu keyingi uch yilda baliq yetishtirish hajmini ikki barobarga oshirdi. Ya’ni 2019 yilda viloyatda 15 ming tonna baliq yetishtirilgan bo‘lsa, 2022 yilda 40 ming tonnaga yaqin luqmai halol yetishtirildi. Prezidentimizning 2022 yil 13 yanvardagi “Baliqchilik tarmog‘ini yanada rivojlantirishning qo‘shimcha chora-tadbirlari to‘g‘risida” gi qarori soha rivojida muhim ahamiyat kasb etayotir.
– Qarorda belgilangan, umuman, baliqchilikni rivojlantirishga qaratilgan ishlarni amalga oshirish bo‘yicha zarur choralar ko‘rildi, – deydi “Andijonbaliqsanoati” mas’uliyati cheklangan jamiyati rahbari Bektosh Yo‘ldoshev. – Intensiv usulda baliq yetishtiruvchi tadbirkorlik sub’ektlari hamda aholi xonadonlariga baliqchilik uchun zarur jihozlar, kichik hajmdagi plastik basseynlar yetkazib berildi. Bundan tashqari, qator tadbirkorlik sub’ektlari tomonidan baliq chavoqlari, baliqlar uchun omixta yem ishlab chiqarish, yetkazib berish va xizmat ko‘rsatuvchi korxonalar, baliqchilik klasteri tashkil etildi, ko‘plab yangi ish o‘rinlari yaratildi. Masalan, “Ipoteka bank”ning viloyat filiali tomonidan “Intensiv usulda baliq yetishtirish va ekoturizmni tashkil etish” loyihasini amalga oshirish uchun viloyatdagi qator baliqchilik xo‘jaliklariga, tadbirkorlik sub’ektlariga kredit ajratildi. Bundan tashqari, Ulug‘nor tumanida intensiv usulda baliq yetishtirishga qaratilgan 50 dan ortiq loyihalar moliyalashtirildi. Natijada tumanda 101 gektar maydonda intensiv usulda baliq yetishtirish yo‘lga qo‘yildi.
[gallery-10511]
– Xo‘jaligimizda 15 gektar maydonda yarim intensiv usulda baliq yetishtirish yo‘lga qo‘yilgan, – deydi Ulug‘nor tumanidagi “Bahriddin ota baliqlari” baliqchilik fermer xo‘jaligi rahbari Asadullo O‘rinov. – O‘tgan yil xo‘jaligimizda har gektar maydondan 15 tonnadan, jami 225 tonna baliq ovlanib, xaridorlarga yetkazib berildi. Bundan tashqari, xo‘jaligimizda ekoturizm loyihasi asosida ekoturistik yo‘nalish tashkil etilib, sayyoh va dam oluvchilarning ko‘ngilli hordiq chiqarishlari uchun zarur sharoit va qulayliklar yaratildi.
Soha mutasaddilarining aytishicha, o‘tgan yil viloyatdagi baliq boqilayotgan 2 ming 200 gektar suv havzasidagi baliq parvarishlash jarayonlari yarim intensiv usulga o‘tkazilgan. Ko‘plab suv havzalariga suvni tozalab beruvchi hamda bir maromda omixta yem sepadigan maxsus dastgoh va uskunalar o‘rnatilgan. Bu baliq yetishtirish hajmini oshirdi. Joriy yilda viloyatda intensiv usulda baliq yetishtirish bo‘yicha yana 12 ta loyiha amalga oshirilishi, yil davomida 50 ming tonnadan ortiq baliq yetishtirilishi rejalashtirilgan.
Shuningdek, 2023 yilda “Har bir oila tadbirkor” dasturi doirasida viloyatdagi 500 ta xonadonda intensiv baliq yetishtirish yo‘lga qo‘yiladi. Bu nafaqat baliq yetishtirish hajmini oshirishga, balki aholi bandligini ta’minlash, oilalar daromadi va turmush farovonligini oshirishga ham yordam beradi. bugungi kunda ana shu yo‘nalishdagi ishlarni samarali amalga oshirish bo‘yicha chora-tadbirlar belgilanib, zarur ishlar olib borilmoqda. Buning natijasida viloyat aholisi nisbatan arzon hamda sifatli baliq mahsuloti bilan ta’minlanadi.
Faxriddin Ubaydullayev, Zuhriddin Umrzoqov (surat), O‘zA