Mushohada

O‘tgan sakkiz yilda Prezidentimiz O‘zbekistonning yangi, zamonaviy, intensiv diplomatiya uslubini yaratdi. Xitoy Xalq Respublikasida besh kun davom etgan rasmiy tashrif yilning juda muhim siyosiy voqeasi bo‘ldi, desak, adashmaymiz. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Shanxay hamkorlik tashkilotining Tyanszin sammiti va “Shanxay hamkorlik tashkiloti plyus” formatidagi muloqotlardagi ishtiroki, Xitoy Xalq Respublikasi Raisi, Rossiya Federatsiyasi Prezidenti, Xitoy Xalq Respublikasi Davlat kengashi Bosh vaziri, ushbu mamlakatning obro‘li kompaniyalari rahbarlari bilan o‘tkazgan samarali muzokaralarining ahamiyati beqiyos. Har bir uchrashuv va tashabbuslarida xalqimizning manfaatlari aks etdi.
Shu o‘rinda quyidagi raqamga e’tibor bering. 2024 yildagi global to‘qimachilik bozorining hajmi taxminan 1 trillion dollar atrofida baholangan, ehtiyoj yildan-yilga ortib bormoqda. Xo‘sh, talab ortib borayotgan dunyo bozoriga O‘zbekistonda ishlab chiqarilayotgan bu turdagi tovarlarni yetkazishda eng muhim masala nima? Albatta, transport va logistika. Prezident Shavkat Mirziyoyevning yaqin qo‘shnichilik va samarali hamkorlikni ifoda etgan tashqi siyosati va tashabbusi bilan 2024 yil dekabrda Xitoy — Qirg‘iziston — O‘zbekiston temir yo‘li qurilishiga start berildi. 2025 yil iyul oyida O‘zbekiston, Afg‘oniston va Pokiston trans-afg‘on temir yo‘lining texnik-iqtisodiy asosini ishlab chiqish bo‘yicha uch tomonlama hadli bitim imzolanib, bu yo‘lni qurish borasida muhim qadam qo‘yildi.
Davlatimiz rahbari “Shanxay hamkorlik tashkiloti plyus” formatidagi majlisda ilgari surgan tashabbuslardan biri aynan mana shu ikki yo‘lakni bir-biri bilan bog‘lashni nazarda tutadi. Bu tashabbusni amalga oshirish SHHT va Global Janub makonida joylashgan barcha mamlakatlar uchun juda zarur.
O‘zbekiston eng yaqin qo‘shnilaridan biri bo‘lgan Afg‘oniston bilan keyingi yillarda tinchlik va taraqqiyot yo‘lida ta’sirchan va natijali muloqot qilmoqda. Bundan ko‘zlangan asosiy maqsad — Afg‘onistonning barqaror va zamonaviy taraqqiyotga erishishiga yaqindan yordam berish. Uzundan-uzoq mushohadalar emas, aniq raqamlarning o‘zi ko‘p narsalarni izohlab beradi. Internetdagi rasmiy manbalarga ko‘ra, bugun Afg‘onistonda 40 milliondan ortiq aholi istiqomat qilmoqda. Bu, avvalo, juda katta bozor degani. Qolaversa, bu mamlakatda inson resurslari va kapitalining rivojlanishidan unga qo‘shni bo‘lgan barcha mamlakatlar birdek manfaatdor. Shu ma’noda Prezidentimiz xalqaro hamjamiyatning Afg‘on hukumati bilan konstruktiv muloqoti mintaqaning umumiy maqsadlariga mos kelishiga alohida urg‘u berdi.
O‘zbekistonning strategik hamkori sifatida Xitoy mamlakatimizdagi ko‘lamdor islohotlarni qo‘llab-quvvatlagan holda eng ko‘p sarmoya kiritayotgan davlatlardan biridir. Investitsiya loyihalari portfeli 60 milliard dollardan oshmoqda. O‘tgan yilning o‘zida 10 milliard dollardan ortiq 64 ta loyiha ishga tushdi. Yangi korxonalarda minglab vatandoshlarimiz ishli bo‘lmoqda. Bu parallel ravishda ikkita muhim maqsadga xizmat qilmoqda. Birinchisi, odamlarimiz zamonaviy korxonalarda ishlayapti. Ikkinchidan, yuqori texnologik ko‘nikmalarni egallab, raqobatbardosh mutaxassisga aylanyapti.
Prezidentimizning Xitoyga tashrifi doirasida xalqaro miqyosda katta obro‘ga ega “China National Building Materials” (CNBM), “China National Petroleum Corporation” (CNPC), “China National Nuclear Corporation”, “Henan Investment Group” kompaniyalari rahbarlari bilan muzokaralari O‘zbekistonda yangi ishlab chiqarish quvvatlarini ishga tushirish, yana minglab yurtdoshlarimizni ish bilan ta’minlashga qaratilgan. Mamlakatimizga yuqori, ilg‘or, innovatsion hamda murakkab ilmiy-tadqiqot va muhandislik texnologiyalariga ega qudratli korxonalarning kirib kelishiga zamin yaratilmoqda.
Masalan, “China National Building Materials” (CNBM) kompaniyasi 28 ta, jumladan, AQSH, Germaniya hamda BAA kabi dunyoning rivojlangan davlatlarida 40 ga yaqin filialga ega. Yoki “China National Petroleum Corporation” (CNPC) ishlab chiqarish sanoatida inqilob qilgan jamoalardan biri. U energetika, yuqori kuchlanishli elektr uzatish, raqamli infratuzilma va optik tolali aloqa, onlayn savdo, “aqlli” logistika, bulutli texnologiyalar va sun’iy intellekt, biomuhandislik va biomonitoring stansiyalarini, ma’lumotlarni katta hajmlarda qayta ishlash texnologiyalarini rivojlantirishda eng so‘nggi tajribalarni joriy qilgan.
Prezident Shavkat Mirziyoyevning Xitoyga rasmiy tashrifi siyosiy, iqtisodiy va ijtimoiy jihatdan juda katta ahamiyatga ega bo‘ldi. Ko‘p qutbli tizim, geoiqtisodiyot, mintaqaviy integratsiya, ishonchni mustahkamlash choralari kabi kuchli hayotiy ehtiyojlarni aks ettiruvchi xalqaro siyosat sharoitida barcha mamlakatlar o‘z manfaatlarini ilgari surayotgani tabiiy. Mana shunday vaziyatda nufuzli xorijiy davlatlar rahbarlari tomonidan qo‘llab-quvvatlangan O‘zbekiston yetakchisining tashabbuslari xalqaro kun tartibini belgilashda asosiy vektorlardan biri bo‘lmoqda. Bu, albatta, e’tirofga loyiq.
G‘ulomjon Samadov,
Oliy Majlis Qonunchilik palatasi
Matbuot xizmati rahbari, siyosatshunos.