French
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Intensiv bogʻ birinchi Xorazmda yaratilganmi?
10:37 / 2020-06-22

Mamlakatimizda bogʻdorchilikni rivojlantirish va eksport salohiyatini oshirish hisobiga iqtisodiyotga valyuta tushumini oshirishga asosiy masala sifatida qaralmoqda.


Mamlakatimizda bogʻdorchilikni rivojlantirish va eksport salohiyatini oshirish hisobiga iqtisodiyotga valyuta tushumini oshirishga asosiy masala sifatida qaralmoqda.

Qishloq xoʻjaligining asosiy tarmoqlarida sifatli urugʻlik hosildorlikning garovi boʻlganidek bogʻdorchilikda ham yaxshi koʻchat meva hosilining barakali boʻlishini taʼminlaydi.

Xorazm viloyatida ham koʻchatchilikni toʻgʻri yoʻlga qoʻyish, nav tanlash, tuproq unumdorligini oshirish va sohaga yangi ilgʻor texnologiyalarni joriy qilish hisobiga yaxshi natijalarga erishilmoqda.

Akademik Mahmud Mirzayev nomidagi Respublika bogʻdorchilik, uzumchilik va vinochilik ilmiy-tadqiqot institutining Xorazm viloyati ilmiy tadqiqot stansiyasida ayni paytda Xorazm vohasi sharoitiga mos hosildor navli koʻchatlarni yetishtirishga alohida ahamiyat qaratilmoqda.

Ilmiy tadqiqot stansiyasi bogʻlarida asosan urugʻidan unib chiqqan yovvoyi navli koʻchatlar birma- bir hosildor navlarga payvand qilinib, parvarishlanadi. Shu orqali hosildor meva koʻchatlari iqlimga tez moslashadi. Shuningdek qisqa muddatda meva beradi.

–Olma, oʻrik, gilos, olcha, uzum Xorazmning “Yurt nashvati”si kabi mevalarni yetishtirishga moʻljallangan plantatsiyalarimiz mavjud, – dedi institutning Xorazm viloyati ilmiy tadqiqot stansiyasi direktori Nurbek Toʻrayev. – Ularda shu hududning iqlimi va tuproq sharoitiga xos boʻlgan koʻchatlar yetishtirmoqdamiz. Chunki, bu yerdagi issiq va quruq havo, shoʻrlangan tuproq sharoitida hosildor meva navlarini oʻstirish juda qiyin. Biroq, Urganch davlat universitetining ilmiy xodimlari va tajribali bogʻbonlar koʻmagida xorijdan va respublikamizning boshqa hududlaridan yaxshi hosil beradigan 100 dan ortiq turdagi koʻchatlarni olib kelib mahalliy sharoitga moslashtirishga erishdik. Endilikda ushbu meva koʻchatlarini nafaqat stansiyamizda balki viloyatdagi barcha fermer xoʻjaliklari, joriy yilda yangi tashkil etilgan 2 ming gektar intensiv bogʻda ham oʻstirib, mevasini olish niyatimiz bor.

Stansiya mutaxassislari hozirda Germaniya xalqaro hamkorlik jamiyati hamda qishloq xoʻjaligi vazirligi qoshidagi bogʻdorchilik va issiqxona xoʻjaligini rivojlantirish agentligi bilan hamkorlikda ish olib bormoqda.

Taʼkidlash lozimki, sohada islohotlarni qoʻllab-quvvatlash va innovatsion gʻoyalarni tatbiq etishda Germaniya xalqaro hamkorlik jamiyatining qator imkoniyatlari mavjud. Jumladan, soha xodimlarining bilim va malakalarini oshirish maqsadida turli innovatsion gʻoyalar tatbiq etilmoqda. “Bogʻdorchilikni rivojlantirish va zamonaviy meva yetishtirish texnologiyalarini targʻib qilish” loyihasi asosida viloyat hududida zamonaviy agrotexnik xizmatlar koʻrsatish markazlarini tashkil qilish va yuqori unumdor texnika vositalari bilan taʼminlash jamiyatning asosiy maqsad-rejalaridan biridir.

Stansiya yaqinda Germaniyadan keltirilgan turli chopiq, qator oralariga ishlov beradigan texnika mexanizmlari bilan taʼminlandi. Bu esa ishning sifati va unumdorligini oshiradi.

– Loyihamizning asosiy maqsadi Xorazmdagi bogʻdorchilikka ixtisoslashgan fermer xoʻjaliklariga intensiv bogʻdorchilikni rivojlantirish boʻyicha texnologik yutuqlarni targʻib etish, kichik va oʻrta hajmdagi xoʻjaliklarga agrotexnik xizmatlarni koʻrsatish va bogʻlarga oʻz vaqtida parvarishni tashkil etishda yordamlashishdan iborat, – deydi loyiha koordinatori Alisher Qurbonov. – Shuningdek, fermerlarga serhosil va sifatli meva yetishtirishda yoʻnalish berishda jahon tajribasini qoʻllash maqsadida xorijlik mutaxassislar jalb etilgan.

Ilmiy –tadqiqot stansiyasida barcha turdagi mevali daraxtlarning 400 mingdan ziyod tupi parvarish qilinmoqda. Bu koʻchatlar kuzgi bahorgi ekish mavsumiga taxt qilib qoʻyilgan. Ayniqsa, gilosning voha sharoitiga mos navlari payvandlash yoʻli bilan koʻpaytirilmoqda.

Keyingi yillarda gulchilikka ham eʼtibor kuchaydi. Shahar va qishloqlarimizni obodonlashtirish maqsadida turfa gullar ham ekilgan. Tajriba maydonida turli rangdagi atirgullarning koʻchatlari yetishtirilmoqda. Stansiyada jami 133 gektar ekin maydoni mavjud boʻlib, shundan 85 gektarini mevali bogʻlar tashkil qiladi. Mazkur bogʻlarda hosildorlikni oshirishga alohida eʼtibor qaratilgan. Shuningdek, yetti gektardan ziyod maydonda yangi koʻchatlar va bir yarim gektardan ziyod yerda uzum koʻchatlari yetishtirilmoqda.

Bogʻlar va koʻchat maydonlaridan tashqari stansiya hududida 40 gektar maydonga sabzavot va poliz ekinlari urugʻi ekildi. Qovun-tarvuz, qovoq kabi poliz ekinlari erta pishar navlaridan barakali hosil kutilmoqda.

Bogʻdorchilik serdaromadlikda qishloq xoʻjaligining boshqa sohalaridan qolishmaydi. Mamlakatimizda oziq-ovqat xavfsizligini taʼminlash, raqobatbardosh qishloq xoʻjalik mahsulotlarini ishlab chiqarish chiqarish va eksport salohiyatini oshirish maqsadida intensiv bogʻlar barpo etilmoqda. Stansiya mutaxassislari endilikda pakana va yarim pakana koʻchatlarni mahalliy sharoitda yetishtirishga kirishdi. Natijada ishonchli koʻchat taʼminoti yaxshilanadi. Dehqon va fermer xoʻjaliklarida pul mablagʻlari tejaladi.

Vaholanki, bizda rivojlangan mamlakatlardan qolishmaydigan dehqonchilik tajribasi va madaniyati mavjud. Vegetativ yoʻl bilan koʻpaytiriladigan olmalar Oʻzbekistonda azal-azaldan oʻstirib kelinadi. Bunga Xorazmda aniqlangan Hazorasp olmasi kiradi. Ayrim tarixiy manbalarga koʻra, Qadimda intensiv bogʻ yaratish Yevropadan oldin bizda rivojlangan. Ana shu mavqeni tiklash soha xodimlarining intilish va izlanishlariga bogʻlik. Ilmiy tadqiqot stansiyasidagi olim va mutaxassislarning saʼiy harakati va mehnati ham ana shu maqsadga qaratilgan.