Қазақ
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Intellektual mulk sohasidagi huquqbuzarliklar ortmoqda
14:15 / 2025-02-18

Bugungi kunda intellektual mulk sohasidagi huquqbuzarliklar soni va ularni sodir etish usullari va ko‘lami ortib bormoqda. Jumladan, 2020 yilda 54 ta qonunbuzilish holati aniqlangan bo‘lsa, ushbu ko‘rsatkich 2021 yilda 287 ta, 2022 yilda 380 ta, 2023 yilda 886 ta, 2024 yilda 936 tani tashkil qilgan.

Huquqbuzarliklarning 50 foizidan ortig‘i o‘zganing tovar belgisidan qonunga xilof ravishda foydalanish natijasida sodir etilgan. Buning asosiy sababi jarimalar miqdorining kamligidir.  

Bu sohadagi huquqbuzarliklar intellektual mulk egalari, xususan, mualliflar, ijodkorlar, ixtirochilar va boshqa huquq egalarining huquqlari va qonun bilan qo‘riqlanadigan manfaatlarini samarali himoya qilishni taqozo etmoqda.  

Qonunchilik palatasining majlisida intellektual mulk himoyasini yanada kuchaytirishga qaratilgan qonun loyihasi birinchi o‘qishda konseptual jihatdan ko‘rib chiqildi.

Qayd etilganidek, tahlillarga ko‘ra, so‘nggi besh yilda intellektual mulkning tadbirkorlik faoliyatida foydalanish ko‘lamining ortishi va ayrim biznes vakillari tomonidan nohalol tadbirkorlik faoliyati olib borilishi sababli bu yo‘nalishdagi huquqbuzarliklar soni keskin oshgan.  

Jumladan, 2023 yilda sudlar tomonidan intellektual mulk ob’ektlari himoyasiga oid 249 dan ortiq ma’muriy huquqbuzarlik to‘g‘risidagi ishlar ko‘rib chiqilib, tegishli qarorlar qabul qilingan. 2024 yilda esa intellektual mulk huquqlarini buzish holatlari bo‘yicha mualliflar foydasiga sud qarorlari bilan bir milliard so‘mga yaqin tovon puli undirilgan.

Ushbu qonun loyihasi bilan Jinoyat, Jinoyat-protsessual, Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi va Fuqarolik kodekslariga mualliflik huquqi va turdosh huquqlarni, shuningdek, sanoat mulki ob’ektlariga bo‘lgan huquqlarni buzganlik uchun javobgarlikni kuchaytirishni nazarda tutuvchi tegishli o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish taklif etilmoqda.

Qonun loyihasining qabul qilinishi jamiyatda intellektual mulk huquqiga bo‘lgan hurmat hissini shakllantirish va intellektual mulk egalarining moddiy manfaatlarini himoya qilish, intellektual mulk sohasidagi javobgarlik choralarini kuchaytirish orqali kontrafakt mahsulotlarning aylanmasiga chek qo‘yish va aholining, shu jumladan tadbirkorlik sub’ektlarining intellektual mulk ob’ektlaridan qonuniy foydalanish bo‘yicha mas’uliyatini yanada oshirishga xizmat qiladi.

Muhtarama Komilova,

O‘zA