Intellektual mulk sohasida mediatsiyani joriy etish bo‘yicha xalqaro hamkorlik
Adliya vazirligi va Butunjahon intellektual mulk tashkiloti vakillari o‘rtasida uchrashuv tashkil etildi. Unda vazirlik xodimlari bilan bir qatorda Toshkent davlat yuridik universiteti hamda Toshkent mediatsiya markazi mas’ullari ham ishtirok etdi.
Intellektual mulk sohasida nizolarni mediatsiya usulida hal etish bo‘yicha mustahkam tartib-taomillarni yo‘lga qo‘yish maqsadida tashkil etilgan uchrashuvda mahalliy mediatorlarning Butunjahon intellektual mulk tashkiloti akademiyasida malakasini oshirish, xorijiy ekspertlar ishtirokida o‘quv-treninglarni tashkil etish hamda sohaga oid ilg‘or xorijiy nashrlarni o‘zbek tiliga tarjima qilish kabi bir qator masalalar muhokama qilindi.



Shuningdek, Toshkent mediatsiya markazi hamda Butunjahon intellektual mulk tashkilotining Arbitraj va mediatsiya markazi o‘rtasida intellektual mulk sohasida nizolarni mediatsiya usulida hal etish bo‘yicha hamkorlikni yo‘lga qo‘yish yuzasidan memorandum imzolashga kelishib olindi.
Gulnoza Boboyeva, O‘zA