Bugun Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi siyosiy partiyalar fraksiyalarining navbatdagi yig‘ilishlari bo‘lib o‘tdi. Ularda bir qator qonun loyihalari qizg‘in muhokama qilindi.
Xususan, O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasi fraksiyasining yig‘ilishida «Intellektual mulk ob’ektlarini ro‘yxatdan o‘tkazish tartiblarini soddalashtirishni nazarda tutuvchi O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida»gi qonun loyihasi birinchi o‘qishda muhokama qilindi.
Yig‘ilishda qayd etilganidek, amaldagi qonunchilikka muvofiq, intellektual mulk ob’ektlarini ro‘yxatdan o‘tkazish bo‘yicha davlat ekspertizasi qarori chiqarilganidan so‘ng talabnoma beruvchi uch oy ichida talabnomada ifodalangan ob’ektni ro‘yxatdan o‘tkazish uchun davlat boji to‘lashi lozim. Lekin amaliyotda mazkur muddatda davlat bojini uzrli yoki boshqa ob’ektiv sabablarga ko‘ra to‘lay olmagan va buning natijasida muhofaza hujjatini (patent, guvohnoma) olish huquqidan mahrum bo‘lgan talabnoma beruvchilar mavjud. Masalan, 2023-2024 yilar davomida 100 dan ortiq talabnoma beruvchi xuddi shunday asosga ko‘ra muhofaza hujjatlarini ololmagan.
Bunga sabab amaldagi qonunchilikka ko‘ra, qayd etilgan holatda talabnoma beruvchiga uning talabnomasini ro‘yxatdan o‘tkazish rad etiladi. Bu esa talabnoma beruvchi vakolatli davlat tashkilotiga tegishli hujjatlarni boshqatdan topshirishi, ekspertizadan o‘tkazilishini kutishi va davlat bojining barcha qismini qayta to‘lashi talab qilinadi. Bu esa intellektual mulk ob’ektlari, ayniqsa, ixtirolar, sanoat namunalari va seleksiya yutuqlari bo‘yicha talabnoma topshirgan shaxslar uchun ancha salbiy oqibatlarga olib keladi.
Mazkur qonun loyihasi bilan shu kabi byurokratik to‘siqlarni bartaraf etish masalalari ko‘zda tutilmoqda. Muhokamalarda deputatlar partiya dasturiy vazifalaridan kelib chiqqan holda o‘z munosabat va fikrlarini bildirdi.
M.Komilova, O‘zA